Muddatidan avval talabalikka

Viloyatimizning 11 nafar iste’dodli o‘quvchisi xalqaro fan olimpiadasida g‘olib chiqib, ana shunday imkoniyatni qo‘lga kiritdi.
Yurtimiz bugungi odimlarida iste’dodlar, iqtidorlar, talantlarga qanot bo‘layotgan o‘lka sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-sonli qarorida umumta’lim maktab­lari o‘quvchilari o‘rtasida qo‘shimcha res­publika va xalqaro, shu jumladan nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar belgilangan edi. Uning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 24 - 29-fevral kunlari Andijonda Xalq ta’limi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston - Sharda universiteti bilan hamkorlikda “Tala­balikka bir qadam” ochiq olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiadada Respublikamizdagi umumta’lim maktablarining 2 ming 500 dan ziyod 9-, 11-sinf o‘quvchilari bellashdilar.
Olimpiadada matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan jami 50 ta onlayn tartibda, ya’ni 40 ta fan yo‘nalishi va 10 ta ingliz tili fanidan savollar uchun 75 daqiqa vaqt berildi va natijalar 100 ballik tizimda baholandi.
Olimpiada test topshiriqlari Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti hamda O‘zbekiston - Sharda universiteti bilan hamkorlikda tuzildi.
Quvonarlisi, xalqaro olimpiadada qat­nashgan 350 nafar ishtirokchilar orasida namanganlik 11 nafar o‘quvchi faxrli o‘rinlarni egalladilar. Namangan shahridagi 1-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Samandar Ummataliyev biologiya fanidan 1-o‘rinni, Chortoq tumanidagi 5-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Jasurbek Jamoldinov fizika fanidan 1-o‘rinni, Pop tumanidagi 16-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Maxliyo Isaqova bio­logiya fanidan 2-o‘rinni, Namangan shahridagi 1-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Isoxon Kamolxanov kimyo fanidan 2-o‘rinni, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 17-Davlat ixtisos­lashtirilgan maktab-internati­ning 10-sinf o‘quv­chisi Samandar Qudratullayev fizika fanidan 2-o‘rinni, Namangan shahridagi 1-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati­ning 9-sinf o‘quv­chisi Ruxshona Zokirjanova matematika fanidan 2-o‘rinni, Pop tumanidagi 10-Davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Kamola Turg‘unova biologiya fanidan 3-o‘rinni, Pop tumanidagi 11-Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Ozodxo‘ja Maripxanov kimyo fanidan 3-o‘rinni egalladilar. Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Dilmurod Mo‘minov matematika fanidan 3-o‘rinni, Uychi tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Javlonbek To‘lqinbayev kimyo fanidan 3-o‘rinni, Pop tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim mak­tabining 11-sinf o‘quvchisi Navro‘za Xidoyatova biologiya fanidan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Shu o‘rinda mazkur xalqaro fan olimpiadasi taqdim etadigan imtiyozlarga ham to‘xtalib o‘tsak. Unda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchi Sharda universitetiga davlat granti asosida qabul qilinadi. 2-o‘rin sohibi Sharda universitetiga 50 foiz kontrakt to‘lovga imtiyoz bilan, 3-o‘rin egasi esa, 30 foiz kontrakt to‘lov imtiyozi bilan mazkur universitet talabalari safidan joy oladi.
Viloyatimiz iste’dodlari umumjamoa hisobida respublika bo‘yicha 2-o‘rinni egallab, tashkilotchilar tomonidan talabalik sertifikati, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ishtirokchilar orasidan sinflar va fanlar kesi­mida g‘olib o‘quvchilar aniqlandi.

Mardon ESONBOYEV