“Besh tashabbus navro‘zda”

Prezidentimizning yoshlarning ilmu iste’dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan 5 muhim tashabbusi asosida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019 yilning oktyabr - noyabr oylarida “Umumta’lim maktablarida - 5 tashabbus” festivali o‘tkazilgan edi.
Ayni kunlarda uning mantiqiy davomi sifatida “5 tashabbus - Navro‘zda” festival-tanloviga qizg‘in tayyorgarlik jarayonlari boshlab yuborildi.
“Vatanni madh etish - oliy saodat” shiori ostidagi Vatan va bahor haqidagi qo‘shiqlar, “Yoshlik raqsi”, “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport o‘yinlari, “Yosh kitob­xonlar” ko‘rik-tanlovi, “Qizlarjon”, “Obod maktab” kabi 6 yo‘na­lishdagi bahs va tanlovlarni qamrab olgan festivalga viloyatimizda ham hozirlik qizg‘in.
Namangan shahridagi 1-umumta’lim maktabida faoliyat olib borayotgan “Bolalar ovozi” xor jamoasi hamda “Navbahor” raqs jamoasi o‘quvchilari ham festivalga ustozlari ko‘magida astoydil tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Mashg‘ulotlarni Ulug‘bek Rasulov olib borayotgan “Bolalar ovozi” 40 nafardan ziyod 4 – 11-sinf o‘quv­chilarini jamlagan bo‘lsa, “Navbahor” raqs jamoasida iqtidorli o‘quv­chilar muallima Shohista Hojimirzayevadan san’atning ushbu nafis va nozik turi sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganmoqdalar.
Ular ijrosidagi “Nozligim”, “Jonon”, “Mustahzod”, “Namangan­ning olmasi”, “Andijon polkasi”, “Dilxiroj” kabi raqslar har qanday tomoshabinning havas va hayratini oshiradi.
Ana shunday katta ishtiyoq va zo‘r jo‘shqinlik bilan “Besh tashabbus - Navro‘zda” festival-tanloviga taraddud ko‘rayotgan ilm maskani jamoasi festivalda betakror chiqishlar bilan barchaga quvonchu shodliklar tuhfa etish va ayni paytda yuqori o‘rinlarni egallashni ahd qi­lishgan.

Maftuna REJABBOYEVA