“Haloskor”lar zafari

Yosh avlodni har jihatdan yetuk ulg‘aytirish, ularda qat’iyat, sabot va matonat hislarini kamol toptirish kelajagimiz egalarini chinakamiga ertangi kunga munosib suyanch va tayanch bo‘lishlariga xizmat qiladi. O‘z navbatida, mazkur mardlik va jasurlik tuyg‘ulari har qanday favqulodda vaziyatlarda ularda tez, to‘g‘ri va oqilona qaror qabul qilish va shunga muvofiq harakat ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Ma’lumki, ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Xalq ta’limi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamkorligida har yili an’anaviy tarzda “Yosh qutqaruvchilar” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida bellashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur musobaqalarning bu yilgi bahslarida Namangan shahridagi 54-umumta’lim maktabining “Haloskor” jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bellashuv g‘oliblari respublika miqyosidagi 14 jamoa o‘rtasida videoroliklar orqali aniqlab olindi. Unda viloyatimiz vakillari tanlovning tog‘ tayyorgarligi, palatka tiklash, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha savol-javob, birinchi tibbiy yordam yuzasidan savol-javob, arqon bog‘lash va arqon yordamida yuqoriga ko‘tarilish, to‘siqlar osha yuz metrga yugurish kabi 5 shartni mahorat bilan bajarib, barcha jamoalarda ustun ekanliklarini amalda yaqqol namoyon etdilar. Shu­ningdek, muassasada o‘quvchilar uchun tashkil etilgan xonani kerakli jihozlar bilan jihozlanishi, yaratilgan sharoitlar ham alohida e’tiborga olindi. Tanlov nizomiga ko‘ra g‘olib jamoa 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

O‘z muxbirimiz