Yosh futbolchilarimizning Tojikistondagi g‘alabasi

Mamlakatimizda sportga, xususan, uning futbol turini rivoj­lantirishga, ayniqsa, kelajagimiz egalarini bu boradagi iqtidor va qobiliyatini namoyon etishga yuksak e’tibor qaratilayotganini viloyatimizning o‘quvchi-yoshlaridan iborat terma jamoasi Tojikistonning Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro futbol musobaqasida yana bir karra isbotlashdi.
Shu yilning 20 – 25-fevral kunlari markaziy Osiyoning to‘rtta mamlakati futbol jamoalari o‘rtasida kechgan bahslarda 2004 – 2005 hamda 2006 – 2007-yillarda tug‘ilgan yosh futbolchilar maydonga chiqdilar.
Qizg‘in bahslar bilan murosasiz kechgan musobaqalarda mahorat o‘z so‘zini aytdi va har ikki yosh toifasida Namangan viloyati terma jamoalari mutlaq g‘olib bo‘ldilar.
2004-yilda tug‘ilgan futbolchilarimiz so‘nggi - hal qiluvchi bahsda Tojikistonning “SFM” jamoasiga qarshi maydonga chiqib, mezbonlarni 3:1 hisobida mag‘lub etdilar hamda umumiy natijalarga ko‘ra jami 12 ochko bilan musobaqa g‘olibiga aylandilar.
2007-yilda tug‘ilgan o‘quvchilardan iborat terma jamoamiz esa final bahsini Tojikistonning “Sipar” jamoasiga qarshi o‘tkaz­di. Yaqqol ustunlik bilan 4:2 hisobida zafar quchgan iste’dodli futbolchilarimiz shohsupadan joy olib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdilar.
G‘olib va sovrindor jamoalar musobaqa kubogi va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Ruxsora TOLIBJONOVA