“Biz – giyohvandlikka qarshimiz”

Kelajakni har jihatdan sog‘lom va barkamol avlod quradi. Bu ezgu maq­sad yo‘lidagi chora-tadbirlar yurtimizda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat xalq ta’limi tizimidagi barcha muassasalarda shu nuqtai nazardan fevral oyi “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari tarqalishiga qarshi kurash oyligi” sifatida o‘tdi. Oylik doirasida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport-sog‘lomlashtirish hamda o‘quvchilarni barkamol ulg‘aytirishga qaratilgan bellashuv va bahslar keng ko‘lam kasb etdi.
Xususan, viloyatdagi 705 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida oylik mobaynida giyohvandlikni oldini olish bo‘yicha jami 1215 marotaba profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Ularda 298694 nafar 5 – 11-sinf o‘quvchilarining ishtiroki ta’minlandi. Tasdiqlangan reja asosida ta’lim muassasalarida ichki ishlar hamda sog‘liqni saqlash tizimlari bilan hamkorlikda “Giyohvandlik - asr vabosi”, “Giyohvandlik va uning zararli oqibatlari”, “Giyohvand moddalarni iste’mol qilish nimalarga olib keladi?” kabi mavzularda 301813 nafar o‘quvchi ishtirokida 1750 marotaba suhbat va uchrashuv-muloqotlar o‘tkazildi.
Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Biz – giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostidagi rasmlar tanlovi ham shular jumlasidan.
Tanlovning maktablar bosqichi 50845 nafar o‘g‘il-qizni qamrab olgan bo‘lsa, rang-tasvirlarda iste’dod va qobiliyatini namoyon etgan 635 nafar ishtirokchi navbatdagi tuman bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Mahorat, iqtidor va qobiliyat bobidagi sinovlarda muvaffaqiyat qozongan 12 nafar ishtirokchi tanlovning viloyat bosqichida bahslashdilar. Tanlov natijalarga ko‘ra g‘oliblik Namangan shahridagi 49-DIUMning 11-sinf o‘quv­chisi Shirin Ernstga nasib etdi. 2-o‘rinni Kosonsoy tumanidagi 28-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Durdona Muhammadabdullayeva, faxrli 3-o‘rinni esa Chust tumanidagi 64-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Muxlisa Bozorboyeva qo‘lga kiritdi.

Chamanoy ISROILOVA