Yaponiya ta’lim tajribasi - Namanganda

Prezidentimiz tomonidan ta’lim taraqqiyoti va istiqboli borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va yurtimizda amaliyotda keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday tashabbuslar hamda yangi davr odimlari natijasida Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Yaponiya bilan ta’lim-taj­riba almashuv jarayonlari yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan yil yakunida viloyati­miz xalq ta’limi tizimi vakillari, ustoz-muallimlardan iborat delegatsiya kunchiqar diyorda bo‘lishgan edi. Shidddat bilan taraqqiy etib borayotgan mamlakatga tashrif vakillarimizga Yaponiya ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar, eng nufuzli oliy va umumta’lim dargohlarida bo‘lib, ular hayoti va faoliyati, ta’limni tashkil etish usul va uslublari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratgan edi.
Delegatsiyamiz a’zolari, xususan, Tokiodagi 5 ta obyektda bo‘lishgan edi. Tokioning Nakano hududidagi “Nakano City, Kamisaki Kindergarten” maktabgacha ta’lim tashkiloti, Nakano hududidagi “Kita – Nakano Junior High School” o‘rta maktabi, “Nakano Musashidai” boshlang‘ich maktabi, Suginami hududidagi “Suginami Junior High School” davlat aralash maktabi hamda “Shin - Kyokushinkai” xususiy karate maktabidagi amaliy jarayonlar vakillarimizda qizg‘in taassurotlar qoldirgan, ayni paytda turli darajadagi uchrashuv-muloqotlar ham samarali o‘tgan edi.
Mazkur tashrif natijalari bugun amaliyotda o‘z samarasini ko‘rsat­moqda.
Viloyatimiz umumta’lim maktablarida Yaponiya tajribasini amaliyotda qo‘llash yo‘lida ilk qadamlar qo‘yildi. Namangan shahridagi 82-umumta’lim maktabida Yaponiya ta’lim tajribasini ommalashtirishga bag‘ishlangan semi­nar bo‘lib o‘tdi. Namangan shahridagi barcha umumta’lim maktabi direktorlari, shuningdek, kunchiqar mamlakatda bo‘lib qaytgan viloyatimiz delegatsiyasi vakillari ishtirok etgan seminarda ilm maskanida Yaponiya tajribasining o‘ziga xos jihatlarini amaliyotda qo‘llash, ilg‘or usul va yondashuvlar asosida taqdimotlar namoyish etildi.
O‘zbekiston va Yaponiya maktablari ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini aks ettirgan ko‘rgazmalar, tashkil etilgan ochiq darslar va seminar mashg‘ulotlar, shuningdek, sinf xonalaridagi ko‘chma doskalar, boshlang‘ich sinf xonalarini Yaponiya ta’lim standartlariga moslashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ishtirokchilar e’tiborini qozondi.
Ilg‘or usullar, an’analar va istiqbol jarayonlari aks etgan tadbirda mamlakatimiz ta’lim sohasidagi taraqqiyot odimlari, ta’lim sifati va samaradorlikka hamohang bolalarni sog‘lom ovqatlantirish, sog‘lom turmush-tarzi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, o‘quvchilar o‘rtasidagi kitobxonlik va kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoq ham ifoda topdi.

Mardonbek ESONBOYEV