Iqtidorning dadil parvozi

8-mart - Xalqaro xotin-qiz­lar kuni munosabati bilan an’anaga ko‘ra ilm-fan, sport, san’at va turli yo‘nalishlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etib kelayotgan bir guruh iste’dodli qizlar Zulfiyaxonim nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Ular orasida ikki nafar viloyatimiz vakillari ham bor. Jumladan, Kosonsoy tumanidagi 9-DIMIning 9-sinf o‘quvchisi Olima Tojiboyeva tanlovning san’at yo‘nalishi bo‘yicha yuksak e’tirofga munosib topilib, Zulfiyaxonim nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritdi.
Olima Tojiboyeva bir necha yildirki, Namangan shahridagi 11-Bolalar musiqa va san’at maktabida “An’anaviy ijrochilik” yo‘nalishi bo‘yicha san’at sirlarini o‘rganib kelmoqda.
Yosh bo‘lishiga qaramay, yurtimiz va xalqaro miqyosdagi qator ko‘rik-tanlovlarda milliy qo‘shiqchilik san’atimizni baralla tarannum etib kelayotgan Olima ko‘plab tanlovlarda munosib ishtirok etib, yuksak marralarga erishgan.
Jumladan, 2016-yilda Ozarbayjon respublikasi poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan 8-xalqaro bolalar “Mug‘om” tanlovida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shu yili “Yagonasan - muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida estrada yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rin sohibasiga aylangan.
2017-yilda xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan Respublika qo‘shiqlar tanlovida estrada yo‘na­lishi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan. Yana shu yili “Kamalak” yulduz­lari” bolalar ijodiyoti festivalida “An’anaviy xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinni egalla­gan. Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi respublika qo‘shiqlar tanlovida viloyat bosqichida an’anaviy xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan. Mazkur tanlovning respublika bosqichida esa an’ana­viy xonandalik yo‘nalishida “Umid sovrini” bilan taqdirlanib, “Iste’dodli bolalar” respublika tanlovida 1-o‘rinni egallagan.
2018-yilda “ART WAY” yoshlar teatr studiyasi “Iste’dodli yulduzlar” bolalar ijodiyoti festivali­ning respublika bosqichida 1-o‘rin sohibiga aylangan Olima Tojiboyeva shu yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari o‘rtasidagi “Iste’dod - 2” xalqaro tanlovda faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2019-yilda Belorussiyaning Mogil­yov viloyatida bo‘lib o‘tgan “Zolotaya pchyolka” xalqaro tanlovida faxrli 2-o‘rinni egallab qaytgan.
Zulfiyaxonim nomidagi davlat mukofoti sovrindori milliy qo‘shiqchilik san’atimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lida iste’dod cho‘qqilari sari dadil parvoz etmoqda.

Maftuna REJABBOYEVA