“BESH TASHABBUS - NAVRO‘ZDA”

 Besh tashabbus imkoniyatlar sari qanot bag‘ishlab, iqtidorlarni yuksak cho‘qqilar, ba­land marralar sari parvozga undayotgani, yangi davrga xos eng ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etganligi bilan tobora muhim ahamiyat va dolzarblik kasb etmoqda.
Shuning uchun ham Prezidentimizning kelajagimiz egalari ilmu iqtidorini yuzaga chiqarish va ularni kamolot cho‘qqilari yo‘lidagi odimlariga o‘zgacha shahdu shijoat baxsh etayotgan besh muhim tashabbusi doirasidagi tadbirlar tanlovlar, festivallar kun sayin keng quloch yozmoqda.
Ma’lumki, Respublika Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019 yilning oktyabr - noyabr oylarida “Umumta’lim maktablarida - 5 tashabbus” festivali o‘tkazilgan edi. Ayni kunlarda uning mantiqiy davomi sifatida bahor, go‘zallik, yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zi olamga uyg‘un tarzda “5 tashabbus - Navro‘zda” festival-tanlovi tobora qizg‘in tus olmoqda.

Qo‘shiqlarda Vatan madhi
“Besh tashabbus - Navro‘zda” festival-tanlovining birinchi yo‘nali­shi, ya’ni “Vatanni madh etish - oliy saodat” shiori ostidagi xor jamoalari o‘rtasidagi bahslarning viloyat bosqichi zo‘r ko‘tarinkilik bilan tashkil etildi. Tanlovning maktablar bosqichi 298559 nafar o‘quvchi-yoshlarni qamrab olgan bo‘lsa, tuman-shahar bosqichlarida 75053 nafar o‘g‘il-qizlar ishtirok etdilar. Quyi bosqichlarda saralab olingan eng kuchli 12 ta jamoa viloyat bosqichida o‘z talantlarini namoyon etdilar.
Har bir jamoa Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar ijro etdilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra eng yuqori ball bilan Pop tumanidagi 67-umumta’lim maktabining “Yulduzcha” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Raqslar jilosi
“Vatanni madh etish oliy saodat” shiori ostidagi Vatan va bahor haqidagi qo‘shiqlar, “Yoshlik raqsi”, “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport o‘yinlari, “Yosh kitobxonlar” ko‘rik-tanlovi, “Qizlarjon”, “Obod maktab” kabi 6 yo‘nalishni qamrab olgan “Besh tashabbus - Navro‘zda” festival-tanlovining ikkinchi “Yoshlik raqsi” yo‘nalishi bo‘yicha bahslarning viloyat bosqichi betakror chiqishlarga boy bo‘ldi.
Festival-tanlovning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha maktablar bosqichida 298559 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan edi. Tuman bosqichida esa ular orasidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 75053 nafar o‘g‘il-qizlar bellashdilar. Tabiiyki, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqi eng iqtidorli va talantli raqqoslardan tarkib topgan 12 jamoaga nasib etdi.
Tanlov shartiga ko‘ra Namangan shahri va har bir tumanning g‘olib jamoasi a’zolari “Andijon polkasi” raqsini namoyish etishdi. Milliy libosdagi o‘quv­chilarning sahnadagi chiqishlari mohirlik, yuksak qobiliyat va iqtidor ifodasi sifatida barcha-barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Natijalarga ko‘ra eng betakror, eng ajoyib va jo‘shqin ijrosi bilan barcha jamoalarni ortda qoldirgan Namangan shahridagi 31-umumta’lim maktabining “Boychechak” jamoasi o‘g‘il-qizlariga g‘oliblik nasib etdi.
Chortoq tumanidagi 5-DIMIning yosh raqqos va raqqosalaridan iborat “Tarona” jamoasi 2-o‘rinni, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10 umumta’lim maktabi­ning “Guldasta” raqs jamoasi talantlari faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. G‘olib va sovrindor jamoalar munosib taqdirlandi.
Bahsda qizlarjon
“Besh tashabbus - Navro‘zda” festival-tanlovining to‘rtinchi yo‘nalishi “Qizlarjon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi ham yuksak ko‘tarinkilik va uyushqoqlik bilan o‘tdi.
Tanlov “Men - iste’dodman” mavzuidagi tanishuv sharti, qizlarning jismoniy tarbiya va sport borasidagi qobliyatini charhlashga qaratilgan “Sport malikasi”, kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyon etishga qaratilgan “Texno tashabbus”, kitobxonlik va kitob mutolaasiga chorlovchi “Kitobning do‘stiman”, qizlarning kasb-hunar borasidagi ko‘nikma va qobiliyatini yuzaga chiqarish ko‘zda tutilgan “Daromadli oshxona” singari shartlar asosida o‘tdi. Uning maktablar bosqichida jami 2820 nafar faol, tashabbuskor va ilmu iqtidorli o‘quvchi-qizlar ishtirok etishgan edi. Bellashuvning Namangan shahri va tumanlar bosqichi 705 nafar ishtirokchi orasidan eng qobiliyatli va iste’dodli 12 nafar qizlarni saraladi.
Tabiiyki, eng bilimli, eng mohir, eng kuchli, orasta va faol bo‘lgan qizlar orasidagi “Qizlarjon” tanlovi­ning viloyat bosqichida ham talant va iqtidor o‘z so‘zini aytdi.
Mutlaq g‘oliblik Namangan shahridagi 70-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Olima Xojiyevaga nasib etdi. Faxrli 2- va 3-o‘rinlarni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 13-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Nozima Qozoqjonova hamda Kosonsoy tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quv­chisi Siddiqajon Hakimova qo‘lga kiritdilar. Shu­ningdek, tanlovda ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha ham e’tirof etildi.
Ilmu iste’dod bobidagi salohiyatini namoyon etgan g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandilar.
“Besh tashabbus – Navro‘zda” festival-tanlovi doirasidagi ezgu tashabbuslar, bellashuv va bahslar tobora qizg‘in tus olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib jamoalar va ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladilar.

Ruxsora TOLIBJONOVA