Maktabda teatr tomoshalari

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashabbus ta’lim maskanlarida o‘quvchilarni izlanish va intilishga undab, ularni ilmu iqtidor borasida maho­ratlari ortishiga xizmat qilmoqda.
To‘garaklar faoliyati esa ularning qiziqishlarini yanada oshirmoqda.
Norin tuanidagi 2-umumta’lim maktabida ham tashabbus doirasidagi faoliyat namunali yo‘lga qo‘yilgan.
Buning ifodasini birgina maktabda tashkil etilgan “Rodnichok” qo‘g‘irchoq teatri faoliyati misolida ko‘rish mumkin. Ayni paytda ta’lim maskanida 2813 nafar o‘quvchi-yoshlar tahsil oladi. Ularning barchasi uchun mazkur teatr chinakamiga o‘ziga xos ma’naviy sovg‘a bo‘ldi. Muassasada samarali faoliyat ko‘rsatayotgan 78 turdagi fan va kasb-hunarga yo‘naltirilgan to‘garaklarga hamohang mazkur teatr tomoshalari ilm maskani hayotiga yanada jo‘shqinlik va o‘ziga xos ma’no-mazmun baxsh etmoqda.
Hozirda mazkur teatr orqali Ivan Krilovning “Strekoza i Muravey”, “Kvartet”, “Lisitsa i Vinograd”, “Lebed, Shuka i Rak” masallari asosidagi rus tilidagi tomoshalar nainki o‘quvchilarga, balki ustoz-muallimlaru ota-onalarga ham havola etilmoqda.
Eng ahamiyatlisi, teatrga jamlangan yosh iqtidorlar ustozlar ko‘magida yangidan-yangi asarlar asosida tomoshalar sahnalashtirish ustida izlanmoqdalar.

Chamanoy ISROILOVA