BOKUDAN MUVAFFAQIYAT BILAN

 To'raqo'rg'on tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san'at maktabining eng faol, iqtidorli o'quvchilaridan bo`lgan Mohichehra musiqaga juda qiziqadi va bu qiziqishini bobosi Mashrabxon ota bilan bog'laydi. U 10 yoshidan boshlab viloyat va respublika miqyosidagi turli tanlovlarda ishtirok eta boshlagan. 2013-yilda "Kamalak yulduzlari" respublika tanlovining viloyat bosqichida fortepiano yo'nalishi bo'yicha qo'lga kiritgan sertifikati, shu-ningdek, 2014-yilda ham shu tanlovda fortepiano hamda vokal yo'nalishlari bo'yicha faxrli 2-o'rinni  egallashi uning ulkan yutuqlari debochasi bo'ldi. 2014-yilda bolalar musiqa va san'at maktablari o'rtasida o'tkazilgan  "Muhiddin Qori Yoqubov" nomidagi respublika ko'rik-tanlovining  viloyat bosqichida 2-o'rinni qo'lga kiritganligi ham uning o'z ustida tinimsiz va samarali ishlashini ko'rsatib turibdi.

  Shuni alohida ta'kidlash joizki, Mo-hichehra kuni-kecha Ozarbayjonning Boku shahrida o'tkazilgan  yosh ijro-chilarning IV Xalqaro tanlovida ishtirok etib, fortepiano ijrochiligi bo'yicha Ozarbayjon, Qirg'iziston, Tatariston, Indoneziya, Eron, Turkiya, Bosh-qirdiston kabi o'nlab davlatlar vakillari ichida yurtimiz sharafini himoya qilib, faxrli 3-o'rinni qo'lga kiritdi. Maktab hayotidagi unutilmas quvonchli voqealardan bo'lgan ushbu muvaffaqiyat uning ustozi Mashhura Mo'ydi-novaning tinimsiz mehnatlari samarasidir desak adashmaymiz.
- Ota-onam musiqa maktabiga yetaklab kelishganida juda-juda quvongandim, - deydi Mohichehra. - Uning sehri va maftunkor olami meni butunlay o`ziga rom etdi. Ustozim saboqlarini zavq va ishtiyoq bilan o`rganaman. Istagim o`z  ijodim bilan yurtimiz dovrug`ini dunyoga taratsam. 
Endigina 5-sinfda tahsil olayotgan Mohichehra Abdulboqiyevaning so'zlarida, shijoatida Vatani-mizning ertangi porloq yulduzini ko'rishimiz mumkin. Ijoding gullab-yashnab yursin iqtidorli qizaloq. Ozod yurt madhini baralla tarannum etaver.
 
Maftuna REJABBOYEVA