“INGLIZ TILI BILIMDONI”

Til bilgan - el biladi", deydi dono xalqimiz.
Jamiyat rivojlanib, taraqqiy etib borgani sayin chet tillarini o'rganishga bo'lgan ishtiyoq kundan-kunga ortib bormoqda. Buning ifodasini bugun ta'lim muassasalarida biz o'quvchilarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarda ham ko'rish mumkin.
Yaqindahina bo'lib o'tgan "Ingliz tili bilimdoni" ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi o'quvchilar o'rtasida chinakam bilimlar bellashuviga, aql-zakovat bahsiga aylanib ketdi. Chunki test sinovlari, rasmni tasvirlash, audioni tushunish va aytib berish, insho va video tasvirda 4 ta savol kabi shartlarning har biri g'oyatda qiziqarli, ayni paytda biz o'quvchilarning ingliz tilini qay darajada o'zlashtirayotganimizni baholashning o'ziga xos usullarini jamlagan edi.
Shu tarzda bahs-munozaralar bilan o'tgan tanlov davomida o'quvchilar o'rtasida ingliz tilidagi do'stona va samimiy muloqotlar barchaning diqqatini o'ziga tortdi.
Men tadbirda Uchqo'rg'on tumanidagi 43-umumta'lim maktabning 8-sinf o'quvchisi Qudratbek Rustamov bilan do'stlashdim. U tanlovning faol ishtirokchilaridan biri sifatida taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
- Bu tanlovda ishtirok etishning o'zi men uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ko'plab do'stlar orttirdim, bilimlarimni yanada boyitdim, bilmaganlarimni o'rgandim. Eng asosiysi o'z ustimda bundanda ko'proq ishlashim zarurligini angladim.
Ana shunday ijobiy fikrlarni tanlovda qatnashgan har bir ishtirokchidan eshitish quvonarli hol, albatta.
Tanlov yakuniga ko'ra Chust tumanidan kelgan o'quvchilar 1-o'rinni qo'lga kiritgan bo'lishsa, Namangan shahrilik tengdoshlarimiz 2-o'rinni egallashdi. Uchqo'rg'on tumani vakillari esa shohsupaning 3-pog'onasidan joy oldilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning barchasiga qimmatbaho va esdalik sovg'alari topshirildi.


 Shokirjon KUKIBOYEV,
Chortoq tumanidagi 40-umumta'lim maktabining 5-sinf o'quvchisi