TINCHLIK BAXTDIR, TINCHLIK – SAODAT deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, chortoqlik faxriy muallim Olimjon ota Fozilov

Umumxalq bayrami tadbirlari butun yurtimiz bo`ylab keng nishonlanayotgan kunlarda biz ham tahririyat jamoasi bilan qirg`inbarot urushning tirik guvohi, nainki guvohi, balki ishtirokchisi bo`lgan chortoqlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, faxriy pedagog Olimjon ota Fozilov xonadonlariga yo`qlov uyushtirdik.

Fayziyob hovliga kirib borganimizda otaxonni o`g`il-qizlar, nevara-chevarayu, evaralari, qo`ni-qo`shni bolajonlar, o`quvchi-yoshlar qursho-vida uchratdik.
Mashaqqatli hayot yo`li, xotiralar haqida so`zlab berishlarini so`raganimizda kinolarda ko`rganimizdayoq bizni tahlika va hayajon chulg`agan mash'um davrlarni eslar ekan, nevara-chevaralarining chug`ur-chug`uridan nuroniy yuzlari gulgun yashnab turgan Olimjon bobo birdan maxzun tortib hikoyasini boshladi:
- 1924-yilda tug`ilganman. Bizning bolalik davrlarimizda bunday o`ynab-quvnash qayoqda edi, -  deysizlar, bolajonlarim. - Qornimiz to`yib ovqat yeb-yemasdik ham. Bolaligimiz ayanchli tarzda kechgan. Ammo shu kechmishimizga ham ko`z tegib, urush boshlandi. 1942-yilda minglab yurtdoshlarimiz qatori urushga otlandim. O`sha kezlar 18 yoshda edim. Oka daryosi bo`yiga borib tushdik. Urushga kirib, Rigagacha bo`lgan janglarda qatnashdim. Volga, Oka, Kama, Dnepr daryolari... boshimizdan kechirmagan mashaqqatning o`zi qolmagan.
Yanvar oyi. Boltiq dengizi bo`yidamiz. Sovuq va izg`irindan hatto dengiz borligini ko`rmaysiz, faqatgina snaryadlarning portlashidan qalin muzlikning tarsillab yorilganigina dengizni anglatib turadi.
Uquvim yetishini anglabmi urushda harbiy feldsherlikka tayyorlashdi. Janggohlarda jon berib-jon olib dushmanga qarshi kurashardik, yaradorlarga tibbiy yordam ko`rsatardik. Boshing uzra chor-tarafdan o`q yomg`iri, snaryadlar portlashi ko`z ochirgani qo`ymaydi. Ayanchlisi, shundoq ko`z oldingda safdoshlaring, birodarlaring o`qqa uchadi.
Olimjon ota hikoyalarini butun vujudimiz quloqqa aylanib tinglar ekanmiz, hovlida jam bo`lgan yigirma-o`ttiz chog`li kishi - barchamiz jim bo`lib qolgandik. Dil-dildan anglab turardikki, bugungi fayziyoblik, bugungi farovonlik, bugungi dorilomonlik bu hech narsa bilan tenglab, qiyoslab bo`lmaydigan BAXT.
Oraga cho`kkan jimlikni otaxonning o`zlari buzdilar. Mana Sizlarga boqib ko`zlaringiz qanchalar chaqnab turganini ko`ryapman. Kulib, porlab turgan bu nigohlardagi sevinchni hech narsaga alishib bo`lmaydi.
Aytishlaricha, urushdan qaytgan kunlariyoq tumandagi maktab direktori Hosiyatxon muallima Hotamboyeva uylariga kelib, ishga olib chiqib ketadi. Shu tarzda o`zi orzu qilganidek muallimlik faoliyatini boshlagan Olimjon ota Fozilov dastlab Namanganda 2 yillik muallimlar tayyorlash kursida o`qiydi, so`ng Andijonda pedagogika institutini tamomlab, oliy ma'lumotli o`qituvchi bo`ladi. 60 yildan ziyod xalq ta'limi sohasida yoshlarning bilimli, ma'rifatli kamol topishiga hayotini bag`ishlagan bobo umr yo`ldoshi Xolbixon aya bilan uch o`g`il, to`rt qizni el koriga kamarbasta insonlar qilib tarbiyaladi. 68 yil ahil-totuv ha-yot kechirgan bobo va momo bugun 27 nevara, 46 chevara, yana 1 na-far evara qurshovida, mahalla-ko`y, elu yurt ardog`ida umrguzaronlik qilishmoqda.
Darvoqe, bu oilani muallimlar sulolasi deyish mumkin. Boisi qizlarning 3 nafari ota kasbini egallashgan, yana Muhayyoxon, Gulnozaxon, Ra'noxon, Sayyoraxon, Fazilatxon, Azamatjon, Mehriniso, Shahnozaxon singari o`nga yaqin nabiralar ham muallim.
- Otajonimiz, onajonimiz bilan  faxrlanamiz, - deydi qizlari tumandagi 47-umumta'lim maktabi muallimasi Mashhura opa. - Davlatimizdan, Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz. Mana qarang, ko`ksilaridagi orden va medallar shodasini yaqindagina Prezidentimiz Farmonlariga ko`ra berilgan "Ikkinchi jahon urushidagi g`alabaning 70 yilligi" esdalik yubiley medali bezadi.
- Bobojonimni, buvijonimni juda-juda yaxshi ko`ramiz, - deydi chevaralari tumandagi 40-umumta'lim maktabi o`quvchisi Diyorbek Sharipov. - U kishi kabi jasur, dovyurak, yetuk inson bo`lib kamol topib, yurtimga, xalqimga sidqidil xizmat qilsam deyman. Ular bizni doim yaxshi inson bo`lishga o`rgatadilar. Barchamiz yig`ilsak bormi, katta bobom va katta momomning hovlilari bayramga aylanib ketadi.
Shu asno nevara-chevaralar biri olib-biri qo`yib, chug`ur-chug`ur gapga tushib ketishdi.
Urush faxriysi Olimjon bobo ularga tabassum bilan boqib turib suhbat asnosida Navoiydan, Fuzuliydan, Boburdan g`azallar, ruboiylar o`qidilar. Til-adabiyot fani muallimi bo`lganliklari uchunmi, o`z istaklarini ham she'r bilan ifodaladilar:
Bobolarning istagi shudir,
Sira urush ko`rmasin jahon,
El quvnasin, barcha nasllar
Kamol topsin hurram va shodon.
 
 
 
Barchamiz boboning istaklariga qo`shildik.
Isroil YUSUPOV,
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo`limi raisi
Mardonbek ESONBOYEV,
jurnalist