YOSHLIK, SHIJOAT VA JO`SHQINLIK BAYRAMI

 Namangan viloyati vakillari ham "Umid nihollari - 2015" sport o`yinlarini ko`tarinkilik bilan o`tkazdilar. Musobaqalarga bag`ishlangan tantanalarga butun viloyat ahli hamjihatlikda tayyorgarlik ko`rdi va zo`r shodiyona bilan nishonladi. Bayramona bezatilgan "gullar shahri" bugun har qachongidan yorqinroq chiroy ochmoqda. "Umid nihollari - 2015" o`yinlari sarhisobiga bag`ishlangan tadbirning "Barkamol avlod" sport majmuasida o`tkazilishida ham chuqur ma'no mujassam. O`nlab sport turlari bilan shug`ullanish, toblanish va musobaqalarda bellashish imkonini o`zida jamlagan majmuada o`tgan yili "Barkamol avlod", joriy mavsumda esa "Umid nihollari" o`yinlarining hal qiluvchi bellashuvlari bo`lib o`tdi.
Yakunlangan o`quv yili boshidan viloyat markazidan tortib eng chekka hududlar yoshlari ham "kichik olimpiya o`yinlari"ga qamrab olindi. Tuman va qishloqlardagi ta'lim maskanlarida barpo qilingan biri biridan ko`rkam sport zallari va majmualarida mukammal shart-sharoitlar mavjud ekani bellashuvlarni yuqori saviyada tashkil etish imkonini berdi. Umumiy hisobda respublika o`yinlarida 17 ta yo`nalishda viloyat bo`yicha maktab, shahar-tuman hamda viloyat bosqichlarida jami 250 ming nafardan o`quvchi ishtirokchiga aylangani bolalar sporti taraqqiyoti, farzandlarimizning jismoniy tarbiya va sportga bo`lgan ishtiyoqi yildan-yilga oshib borayotganini ko`rsatib turibdi.
E'tiborlisi, sport o`yinlari yangi-yangi iqtidorlarni kashf etishda muhim mezon vazifasini o`tamoqda. "Umid nihollari" o`yinlari orqali mamlakatimiz, Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda o`zini namoyon qilgan namanganlik ko`plab sportchilarni sanash mumkin. Og`ir atletika bo`yicha Adham Ergashev, qo`l to`pi bo`yicha Farhod Adalimov, boks bo`yicha Sunnatillo Bahodirov va Burgut Hojiboyev, dzyudo bo`yicha Kumush Hojiyeva, stol tennisi bo`yicha Dilafro`z Azimovalar bugun ham o`z yo`nalishlarida mamlakatimiz terma jamoalarining yetakchilari qatorida qayd etilmoqda. Joriy yildagi "Umid nihollari" ham Nodirbek Tojiddinov, Kiril Viktorov, Maftuna Karimova, Ruxsora Satimboyeva, Ahrorbek Abdullayev, Jahongir Hayitov, Oqilbek Hamidov, Hoshimjon Ergashev kabi yana 128 nafar iqtidorni salohiyati yuksak umidli yoshlar safiga qo`shdi.
- Musobaqa menda ulkan taassurot uy-g`otdi, - deydi "Umid nihollari - 2015" o`yinlari ishtirokchisi, stol tennisi bo`yicha 4 karra O`zbekiston chempioni Sug`diyona Madaliye-va. - Sport hayoti mazmuniga, muvaffaqiyatlari mezoniga aylangan o`zim kabi tengdoshlarim bilan do`stlashish imkonini berdi. Qolaversa, mazkur musobaqa mamlakatimizda sportchi yoshlarga berilayotgan yuksak e'tibor va g`amxo`rliklar samarasi desam adashmayman. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kelgusida sportda ulkan yutuqlarga erishishni hamda Vatanimiz bayrog`ini jahon arenalari uzra baland ko`tarishni maqsad qilganman.
"Umid nihollari - 2015" o`yinlariga bag`ishlangan tantanali tadbir "Barkamol avlod" majmuasiga keng jamoatchilik vakillarini, yoshu-qari sport ixlosmandlarini jamladi. Yoshlik va sport bayramida so`z olganlar yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama sog`lom voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida gapirib, uch bosqichli sport o`yinlari yoshlarimizni jismonan baquvvat, irodasi mustahkam, ma'naviy yetuk ulg`ayishida, ular o`rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g`urur va iftihor tuyg`ularini kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an'analarini munosib davom ettirishlarida muhim omil bo`layotganini alohida ta'kidladilar. Musobaqa-larning hal qiluvchi bosqichida sportning 17 turi bo`yicha o`tkazilgan bahslarda qatnashgan 1536 nafar maktab o`quvchilari orasida g`olib chiqqan 128 nafar yosh sportchilar e'tirof etildi. Namangan shahri, Yangiqo`rg`on, To`raqo`r-g`on, Chust, Kosonsoy, Uychi, Uchqo`rg`on va Chortoq tumanlari yoshlarini alohida e'tirof etish o`rinli. Tantanali tadbirda "Umid nihollari - 2015" o`yinlarining yakuniy bosqichida 1-o`rinni egallagan Namangan shahri vakillariga bosh sovrin - Prezident sovg`asi "Damas" avtomobili topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o`rinni Yangiqo`rg`on va Namangan tumanlari vakillari egalladilar.
Bayram tantanalari barchaga ko`tarinkilik ulashdi. Tinch va osuda yurtda yashab, farzandlari sog`lom va barkamol ulg`ayayotgan naman-ganliklar sport bayramini ana shun-day yuqori kayfiyat bilan nishon-lashdi.

Elyor ABDULVOHIDOV