SALOM MAKTAB, XAYR BOG’CHAJON

Issiq yoz kunlari ham ortda qolib, o'lkamizga oltin kuz kirib keldi. Kuz fasli bizga bayramlar ortidan bayramlar tuhfa etdi. Oltin kuzning birinchi kuni mustaqillik bayramini nishonlagan bo'lsak, ikkinchi sentabr kuni esa "Bilimlar kuni"ni munosib kutib oldik. Yozgi ta'tilda qadrdon maktabini, mehribon ustozlarini sog'ingan bolalarni ilm maskanimiz o'z bag'riga chorladi. Ayniqsa, o'quvchilarini intiq kutgan ustozlar maktabni obodonlashtirishga, bezatishga o'z hissalarini qo'shdilar. Ilm maskani hovlisi, sinf xonalari bayramona ko'rkka to'ldi. Birinchi sinf o'quvchilari o'zgacha hayajon bilan maktabga ilk qadamlarini qo'ydilar. Ularning qo'llarida gul, qalblaridagi quvonchning cheki yo'q. Maktabimiz direktori M. Abdullayeva bolajonlarni yangi o'quv yili bilan qutladi. Birinchi sinf o'quvchilariga "Prezident sovg'alari"ni topshirdi. O'quvchilar ijro etgan she'r, qo'shiq, raqslar barchani xushnud etdi. Ingliz, rus tilida aytilgan she'rlar mehmonlar hamda ota-onalarga manzur bo'ldi.

 

Gulchehra ISLOMOVA,
Namangan shahridagi 61-umumta'lim maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi