MAHORAT VA ZAKOVAT NAMOYISHI

Xalqimizda "Hunar - hunardan unar", degan purma’no naql bor. Shuning uchun ham o`quvchi-yoshlarimizga darsdan bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazib, hunar o`rganish, o`zlari sevgan mash-g`ulotlar bilan shug`ullanishlari uchun qulay va keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
"Barkamol avlod" bolalar markazlari faoliyati ana shu xayrli maqsadga qaratilgan. Har bir tuman va shahardagi markazlarda hozirda minglab o`g`il-qizlar duradgorlik, bichish-tikish, to`qish, o`yinchoqlar yasash, pa-zandalik kabi yo`nalishlarda mohir mu-rabbiylardan hunar sirlarini o`rgan-moqdalar.
Ana shu o`quvchi-yoshlar o`rtasida "Yosh hunarmand" respublika ko`rik-tanlovining viloyat bosqichi bo`lib o`tdi. Viloyat "Barkamol avlod" bolalar markazida o`tkazilgan tanlovda o`g`il-qizlar qanchalar mohir, epchil-chaqqon va zakovatli ekanliklarini amalda namoyon etdilar.
Barcha tumanlardan kelgan eng iqtidorli vakillar o`zlarining mahorat bilan ishlangan ko`rgazmalarini namoyish etdilar. Ayniqsa, milliy hunarmandchilik yo`nalishidagi ishlar, yog`och o`ymakorligi, zargarlik, zardo`zlik namunalari tajribali mutaxassislar e'tiborini tortdi.
Tanlov shartlari bo`yicha zardo`zlik yo`nalishida Chortoq tumanidagi 18-umumta'lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Maftuna Yuldasheva g`olib chiqib, respublika bosqichi yo`l-lanmasini qo`lga kiritdi. Yog`och o`ymakorligi bo`yicha Naman-gan shahridagi 26-umumta'lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Isoxon Tursunboyev, zargarlik yo`nalishida esa Kosonsoy tumanidagi 5-umumta'lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Yusufxon Ismoilov g`olib deb topildilar.
Mayda plastika yo`nalishi vakillari plastik xomashyosidan zo`r mahorat va iqtidor bilan tay-yorlangan buyumlarni tanlov hay'ati va tomoshabinlarga havola etdilar. Bu borada Pop tumanidagi 67-umumta'lim maktabining 7-sinf o`quvchisi Mavlonbek Ergasha-liyevning mahorati yuqori baho-landi.
Shuningdek, markazda 2015-yil - "Keksalarni e'zozlash yili" hamda O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag`ishlab "G`ururimsan, Qomusim!" shiori ostida karving va fotosuratlar respublika tanlovining viloyat bosqichi ham o`tkazildi.
Unda o`quvchilar uchta yo`nalishda o`z ijod namunalarini hakamlar hukmiga havola qildilar. "Sog`lom bola - jamiyat tayanchi" g`oyasi ostidagi karving bo`yicha tanlovda 1-o`rinni Chortoq tumanidagi 46-umumta'lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Ilhomjon Otavaliyev egalladi. 2-o`rin esa Namangan shahridagi 2-umumta'lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Muhayyo Yunusovaga nasib etdi. Uchqo`rg`on tumanidagi 3- umumta'lim maktabining 9- sinf o`quvchisi Muattar Zokirjonova tanlovda uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.
"Azaliy va boqiy qadriyatlar" hamda "Betakror lahzalar" nomini olgan ikkinchi va uchinchi yo`nalishlarda esa o`quvchilar o`zlari olgan fotosuratlarni namoyish qildilar. Bunda yosh fotosuratchilarning ijodiy yondashuvi yuksak baholandi. Uchqo`rg`on tumanidagi 8-umumta'lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Mirshohid Ismatov hamda Namangan shahridagi 26-umumta'lim maktabining 7-sinf o`quvchisi Saidbek Sobitxanov tanlovda g`olib bo`ldilar.
G`olib o`quvchilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadilar.

 

Maftuna REJABBOYEVA