Suyima G`ANIYEVA: MUTAFIKKIR IJODI BEQIYOS MA`NAVIY XAZINA u bizni hamisha kamolot sari undab turadi

Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga

 

Ulug` bobokalonimiz tavalludining 575 yilligi munosabati bilan millatimizning faxru iftixori, o`z hayoti va ijodini ulug` zot ijodini o`rganish va tadqiq etishga bag`ishlab kelayotgan navoiyshunos olima, professor Suyima G`aniyeva bilan suhbatlashish baxtiga musharraf bo`ldik.
- Ustoz, so`zni, avvalo, Sizni hazrat Navoiy ijodini o`rganishga undagan mehr va ishtiyoqdan boshlasak.
- Bolaligimdan adabiyot ixlosmandi edim. Bu ishtiyoq, ayniqsa, talabalik yillarimda yanada yuksaldi. Ustozlarimiz sabog`idan olgan ma'naviy bahramandlik, she'rlar yod olish, ifodali o`qish menda she'riyatga, xususan, mumtoz adabiyotga havas uyg`otdi. Mumtoz adabiyotni anglaganim sari qiziqishim, hayratim ortaverdi va adabiyot meni butunlay rom etdi.
Bu bebaho xazina ichra esa Alisher Navoiy asarlarining sehri o`zgacha. Ularni o`qir ekanman, bu olam sehriga maftun bo`lib, go`yoki cheksiz ummondan marjonu gavharlar yig`ayotgandek zavq olardim.
- Demak, ana shu zavq Sizni talabalik yillaringizdan Navoiy olamiga oshufta etgan.
- Zotan, hazrat Navoiy merosi, mislsiz ijodi butun adabiyot olami, ma'naviyat ahli uchun duru javohirdir. Nomzodlik dissertasiyasini 1956-yilda yoqladim. O`shanda dissertasiyamning avtoreferati kitob holida chop etildi. Bu kitob men uchun juda-juda qadrli edi. Esimda, bu kitobni aynan tug`ilgan kunimda qo`limga olgan edim. 1961-yilda Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois" asarining ilmiy-tanqidiy matni (arab yozuvida) kattagina so`zboshi bilan o`quvchilarga taqdim etildi. Rossiya, Eron, Afg`oniston, Turkiya kabi mamlakatlarning olimlari bu kitobga juda katta qiziqish bildirdilar. Shunday e'tiroflar menga yanada ilhom baxsh etib, buyuk daho asarlarini yanada chuqur, yanada mukammal o`rganishga va izlanishlarim mahsulini keng ommaga havola etishga undadi. Keyinchalik "Majolis un-nafois" haqida o`zbek, rus, ingliz, fors, olmon, fransuz tillarida ellikka yaqin maqolam chop etildi. Xorijiy mamlakatlarda o`tkazilgan xalqaro anjumanlarda ma'ruzalar qildim.
Butun umrim mobaynida badiiy tafakkur va insoniy fazilatlarning o`zaro uyg`unligi mahsuli bo`lgan ne-ne ulug` zotlar, xususan, mir Alisher Navoiy asarlarini o`qish, uqish, tadqiq qilish asnosida ulardan bahramand holda hayot kechirayotga-nimdan baxtiyorman. Bu men uchun tengsiz sao-datdir.
- Navoiyni farzandlarimizga qaysi davrdan boshlab o`rgatib bormog`imiz lozim?
- Aytib o`tganimdek, hazrat asarlari ma'naviyat sarchashmasi. Ular inson qalbiga go`zallik, ezgulik bag`ishlab, yaxshiliklar sari yetaklaydi. Shunday ekan, Navoiyni inson butun hayoti davomida o`qishi darkor. Tarbiya sari qadam ona qornidan boshlanadi, degan ibratli ta'kid bor. Shunday ekan, bolalarimizni jajji kichkintoyligidan adabiyotga mehr-muhabbat ila tarbiyalashning hikmati ulug`. Xususan, Navoiy ruboiylari, hikmatlarini o`qib berishimiz, dostonlaridagi rivoyatu hikoyatlarni aytib bermog`imiz darkor.
- Demakki, yosh avlod kamo-lotida Navoiy asarlarining ahamiyati beqiyos.
- Albatta, chunki Navoiy dostonlarida qah-ramonlarining yoshlik davrlari haqida yozadi, ularning bolalik chog`larini tavsiflaydi. Ota-onani hurmat qilish, qadrlashga undaydi. Mutafakkir asarlaridagi qahramonlarning yoshlik chog`lari tasviri, shah-zodalarga qilgan pandu nasihatlar ham ma'naviy kamolotga undovchi omillardir. Buning ifodasini Farhodning yoshligi, Shirinning bolaligi, umuman, dostonlardagi obrazlar timsolida ko`rish mumkin. Muxtasar so`z o`rnida aytish mumkinki, ulug` zot yoshlikni umr bo`stonining gavhari, deydi. Avlodlarga qarata bilim oling, tarixni o`rganing, deydi.
Yigitlikda yig` ilmning mahzani,
Qarilik chog`ingda xarj qilg`il ani.
- Navoiy asarlarida insoniylik, do`stlik mohiyati ham o`zgacha, buni hazratning o`z hayoti misolida ham ko`rish mumkin, shunday emasmi?
- Darhaqiqat, mutafakkirning har bir asarida insoniylik, ezgulik g`oyalari mujassam. Mutafakkirning bolaligi haqidagi asarlar, hikoyatlarning har biri biz uchun kamolot manbai. Yoki yosh Alisherning shahzoda Husayn Boyqaro bilan do`stligi sadoqatga timsol. Shu ma'noda, biz farzand-larimizga, o`g`il-qizlarimizga bebaho adabiy merosimiz barobarida, donishmand mu-tafakkirlarimiz va adiblarimizning ibratli hayoti orqali ham tarbiyaviy ta'sir ko`rsatishimiz, kamolot sari yetaklamog`imiz zarur.
Zotan, muhtaram Yurtboshimiz ta'kidla-ganlaridek: "Bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko`p bahramand etsak, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma'rifiy qurolga ega bo`lamiz".
- Mazmunli suhbatingiz uchun o`quv-chilarimiz nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Sizga mustahkam sog`lik, uzoq umr tilaymiz, aziz ustoz.

 

Isroil YUSUPOV suhbatlashdi