NAFOSAT BAYRAMI

Nurli manzillarni zabt etishimizda mo'tabar onajonlarimiz, munis opa-singillarimiz va albatta, ustozlarimizning hissalari beqiyos. Zero, har gal respublika miqyosidagi yoki xalqaro tanlovga otlanayotganim-da ularning ko'maklarini ich-ichimdan his etaman. Bu menga o'zgaca quvvat, g'alabaga ishonch bag'ishlaydi. Qolaversa, o'z raqslarimda ham o'zbek qizlarining chinakam latofat sohibalari ekanini tarannum etaman.
Hamisha yuzlarida bahoriy tabassum, chehralarida gulgunlik balqib turadigan quyosh shu’lasi yanglig' tuganmas mehr sohibasi bo'lgan mo'tabar onajonlarimiz, zebo va lobar qizlarni qutlug' ayyom - 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etaman.

Gulasal NURILLAYEVA,
Uychi tumanidagi 6-umumta'lim maktabining 9-sinf o'quvchisi, So'chida bo'lib o'tgan "Akva -Loo-Temp" IX xalqaro raqs festivali g'olibasi

MEHRINGIZDAN YASHNAGAY OLAM

Ilk bor qo'limga mo'yqalam olganimda hali bog'cha tarbiya-lanuvchisi edim. O'shanda oyijonimning suratlarini tasvirlaganman. Keyin bog'cha opamni ham. Oyijonim chizgan rasmimni ko'rib, unchalik o'xshatolmagan bo'lsam-da, juda quvonganlar hamda maqtagan edilar. Balki ana shu maqtov sababli rassomchilik va haykaltaroshlikka bo'lgan qiziqishim yanada ortdi. Hozirda men maktabdan tashqari bo'sh vaqtlarimda Namangan shahridagi 11-BMSMda ham tahsil olaman. Bu yerda ustozim Yulduzxon O'rin-boyevadan ranglar jilosi ila olamni tasvirlash, orzu-umidlarimni suratlarda aks ettirishga intilyapman. Meni mana shunday go'zallikka oshufta etgan oyijonim hamda ustozimdan minnatdorman. Ularga nafosat bayrami qutlug' bo'lsin deyman. O'z ijodimdan tuhfa etadigan sovg'arim manzur bo'ladi degan umiddaman.

Aida KABIYEVA,
Namangan shahridagi 1-umumta'lim maktabining
2-sinf o'quvchisi, "Kamalak yulduzlari" bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi g'olibasi

 

BILIM BOG'IN BOG'BONISIZ


Ustozimiz Nilufar Yusupova intilishlarimizni yuzaga chiqarish uchun biz bilan darsdan keyin ham shug'ullanadilar. Bizga bergan mehrlari va ko'rsatgan g'amxo'rliklari samarasi o'laroq o'tgan o'quv yilida men rus tili fanidan "Bilimlar bellashuvi"ning respublika bosqichida 3-o'rinni qo'lga kiritdim. Shunda angla-dimki, ayolning mehri butun olamni yashnatishi, ajib mo'jizalarga oshno etishi mumkin ekan. Aslida tabiatning nafis xilqati bo'lgan barcha ayollarimiz, onalarimiz beqiyos mehr timsoli.

Hilola IKROMIDDINOVA,
Uchqo'rg'on tumanidagi 42-umumta'lim maktabining 8-sinf o'quvchisi, "Bilimlar bellashuvi"ning respublika bosqichi 3-o'rin sohibasi