LIBOSLAR – MA`NAVIYaT KO`ZGUSI

Ozod va obod diyorimizda biz yoshlarning yetuk kamolimiz uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan. Chuqur bilim olishimiz, kelajakda munosib kasbu hunar egalari bo`lishimiz barobarida yuksak ma'naviyatli, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizga hurmat ruhida o`sib-ulg`ayishimiz ham hamisha e'tiborda.
Jumladan, men Uychi tumanidagi 36-umumta'lim maktabining 8-sinfida tahsil olish barobarida tuman "Barkamol avlod" bolalar markazidagi bichish-tikish to`garagida muntazam shug`ullanib kelaman.
Markazda faoliyat olib borayotgan 3 ta yo`nalishdagi 25 ta to`garak biz 480 nafar o`quvchi-yoshlarni darsdan keyin doimo mazkur maskanga chorlaydi.
8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida markazimizda "Liboslar - ma'naviyat ko`zgusi" nomli milliy va zamonaviy liboslar ko`rgazmasi tashkil etildi. Biz yoshlarimizni milliylik, urf-odatlarimizga hurmat, an'analarimizga uyg`unlik va qadriyatlarimizga hamohang ruhda tarbiyalashga qaratilgan ko`rgazmada yuzdan ziyod milliylik va zamonaviylikni o`zida mujassam etgan liboslar namoyish etildi.
Ko`plab to`garaklar, xususan, zarbli cholg`ular, raqs, oila va salomatlik, bichish-tikish kabi yo`nalishlar o`quvchilarining chiqishlari tadbirga yanada fayz bag`ishladi. Ayniqsa, zarbli cholg`ular to`garagi a'zosi, tumandagi 6-umumta`lim maktabining 2-sinf o`quvchisi Shohjahon Xolmuhammedovning chiqishi, raqqosalar Mushtariy Faxriddinova, Durdona Tursunova, jajji sportchilarning badiiy gimnastika bo`yicha bayramona taqdimotlari olqishlarga sazovor bo`ldi.
Tadbirni tashkil etishda liboslar dizayni to`garagi rahbari Dilafro`z Davlatova o`ziga xos tashabbus ko`rsatdilar.
Bahor bayramlari bilan uyg`unlik kasb etgan ko`rgazma yakunida iqtidorli o`quvchilar va tashabbuskor to`garak rahbarlari faxriy yorliqlar bilan taqdir-landilar.

 

 

Gulchehra ISMONJANOVA,
Uychi tumanidagi "Barkamol avlod" bolalar markazi bichish-tikish to`garagi a'zosi