XALQARO SAHNADAGI MUVAFFAQIYAT

Ahrormirza Rahmonov Namangan shahridagi 11-sonli bolalar musiqa va san'at maktabining iste'dodli o'quvchilaridan. Bir necha yildan buyon cholg'u ijrochiligi bo'yicha o'z qobiliyatini oshirib, skripka chalish sir-asrorlarini mukammal o'rganishga intilmoqda. Ana shunday izlanishlar natijasida 2014-yilda "Kamalak yulduzlari" bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichi laureati bo'lgan Ahrormirza viloyat miqyosida o'tkaziladigan tadbir va tanlovlarda ham muntazam ravishda faol ishtirok etib keladi.
Jajji skripkachimiz yaqinda xalqaro tanlovda muvaffaqiyat qozonib qaytdi. Rossiyaning Qozon shahrida bo'lib o'tgan "Kubok art - premium" bolalar va yosh ijodkorlar xalqaro tanlovida o'ndan ziyod mamlakat vakillari o'z iste'dod va qobili-yatlarini namoyish etdilar.
Xoreografiya, akademik xonandalik, xalq qo'shiqchiligi, cholg'u ijrochiligi, teatr, estrada xonandaligi kabi yo'nalishlarni qamrab olgan tanlovda Ahrormirzaning ijrosi ham hakamlar hay'ati tomonidan yuksak darajada e'tirof etildi. Yosh iste'dod sohibi 1-o'ringa loyiq deb topildi.

 

O'z muxbirimiz