XOTIRA DARSI

Yurtimiz mustaqillik yillarida olamshumul yutuq va muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritdi. Xususan, istiqlol davrida biz - yoshlarning baxtli va saodatli hayotimiz, har jihatdan yetuk kamol topishimiz uchun beqiyos imkoniyatlar yaratildi.
Bular zamirida Prezidentimizning biz - kelajak egalariga bo'lgan yuksak e'tiborlari, beqiyos g'amxo'rliklari mujassam. Darhaqiqat, Yurtboshimiz mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy o'zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosi edilar.
Xalqimiz o'zining qisqa muddat - 25 yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda aynan Prezident Islom Karimov nomi bilan bog'laydi va shu ulug' insonning beqiyos xizmatlari deb biladi.
Mamlakatimizning barcha ta'lim muassasalarida bo'lganidek, bizning maktabimizda ham yangi o'quv yili Prezidentimizning porloq xotirasiga bag'ishlangan "Xotira darslari" bilan boshlandi. Unda ustozimiz Prezidentimizning yurtimiz ravnaqi va xalqimizning bugungidek baxtli va farovon hayotiga erishish, tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash, dunyoda tenglar ichra teng mamlakat sifatida o'z o'rni va nufuziga ega bo'lishi yo'lida amalga oshirgan mislsiz faoliyatlari, butun xalqimizning e'zoz va ehtiromiga sazovor hayot yo'llari haqida to'lqinlanib so'zladilar.
Biz - o'quvchilar "Xotira darslari"dan g'oyat ta'sirlandik. Ayniqsa, sinfdoshlarim Gulmira Tursunova, Oybek Tursunboyev, Diyorbek Saydullayevlar Prezidentimizning biz - yoshlarni ilm olishga, ma'rifatga undovchi: "Farzandlarim, marrani baland olinglar, ertangi kun sizniki, marra sizniki!" degan da'vatlarini hayajon bilan aytib o'tdilar.
Otalarcha mehribon va g'amxo'r Yurtboshi-mizning porloq xotiralari, jonajon yurtimiz istiqbolini ko'zlab amalga oshirgan ezgu ishlari qalblarimizda abadiy yashaydi.
Biz - o'g'il-qizlar Prezidentimiz orzu qilganlaridek, mustaqil Vatanimiz ertasiga munosib kamol topamiz. Shunday ahd bilan yana ilm-ma'rifat cho'qqilarini egallashga kirishdik.

 

Gulira'no TURSUNOVA,
To'raqo'rg'on tumanidagi 32-umumta'lim maktabining 8-sinf o'quvchisi