"SEHRLI QALPOQCHA"DAN YASHIL MAYDON TOMON

Xudoyberdi To'xtaboyevning mashhur asari asosida ishlangan kinofilmni barcha o'quvchilar sevib tomosha qilishadi. Bosh rolni, ya'ni Hoshimjon rolini ijro etgan Bunyod Rahmatullayev futbol bo'yicha mamlakatimiz chempionatining Oliy ligasida to'p surishi haqida bilasizmi? "Bolalar dunyosi" mehmonxonasiga taklif qilib, Bunyodning o'zidan barchasini bilib oldik.

 

- "Sariq devni minib" kinofilmining har ikkala qismlarida bir-biridan ajoyib rollarni ijro etgansiz. O'qish, tasvirga olish jarayoni va katta futbol. Bularga qanday ulgurasiz?
- Bolaligimdan otam Ahmadjon Rahmatullayevning bevosita yordamida kun tartibini to'g'ri tashkil etishni o'rganganman. Bu yuksak maqsadlarni ko'zlayotgan har bir o'quvchi uchun muhim. O'qish, keyin ijod va sport bilan har kuni shug'ullanaman, muntazam ravishda o'z ustimda ishlashga harakat qilaman. Tasvirga olish jarayonlari ko'proq mavsumlar oralig'ida bo'lgani bois futbol mashg'ulotlari o'qishimga halal bermaydi. Ta'tilda ijod qilaman. Musobaqalar o'qish vaqtiga to'g'ri kelsa, albatta, qoldirgan darslarimni mustaqil ravishda o'zlashtirib ustozlarimning savollariga bilimlarim asosida javob berishga harakat qilaman.
- Qaysi fanlarni yoqtirasiz yoki Hoshimjon kabi...
- Yo'g'-e, dangasalik hech kimga naf keltirmasligi, muvaffaqiyatga osonlikcha erishilmasligi Hoshimjon misolida ham ayon. Matematika va ingliz tilini chuqur o'zlashtirib Interxaus akademik litseyiga o'qishga qabul qilindim. Hozirda shu yerda o'qiyapman.
- Kinoda ijro etgan rollaringiz nafaqat o'quvchilarda, balki katta avlod vakillarida ham katta taassurot uyg'otadi...
- Ilk rolim estrada xonandasi Tohir Sodiqovning klipidan boshlangan. Vatanni madh etuvchi qo'shiqqa ishlangan klipda suratga tushganman. Keyin 8 yoshimda "Yig'lamagin" filmida Botir rolini ijro etdim. Shundan so'ng barchamiz sevib o'qiydigan "Sariq devni minib" asariga ishlangan kinofilmga 60 nafar tengdoshlarim orasidan meni tanlashdi. Ho-shimjon Ro'ziyev rolini talqin etdim. Kinofilmning 2-qismida ham rol o'ynadim. 2014-yilda esa "Ertaklar olami" xalqaro kinofestivalida 1-o'rinni egalladim va "Eng yaxshi erkak aktyor" sifatida e'tirof etildim.
- Hozirda qanday rollarni ijro etyapsiz?
- "Shumtaka" kinojurnali, bolalar uchun mo'ljallangan filmlarda chiqish bilan birga asosiy e'tiborni o'qishga va futbolga qaratganman.
- Oila davrasida ham ijodingizni muhokama qilasizlarmi?
- Albatta. Dadam doimo har bir izlanishim boshida turadilar, xato va kamchiliklarni to'g'rilab, maslahatlari bilan ko'maklashadilar. Oilamizda san'at sohasida faoliyat yurituvchi birgina o'zim. Ukam Bekzod 6-sinfida o'qiydi.
- Bilamizki, "Bunyodkor" va "Paxtakor" klublarida to'p surgansiz. Hozirda "Obod" klubining o'rinbosarlar tarkibida o'ynayapsiz. Oliy liganing eng yosh ishtirokchisi sanalasiz. Kelajakda professional futbolchi bo'lasizmi yoki aktyor?
- Buni vaqt ko'rsatadi. O'qish jarayoniga jiddiy e'tibor qaratyapman. Futbolchi sifatida o'z mahoratimni namoyish etsam deyman. Yana Gollivud filmlarida rollar ijro etish orzuim ham bor.
Umuman, rejalarim juda ko'p. Harakat qilsam bariga erishaman, deb o'ylayman. Chunki biz yoshlar uchun mamlakatimizda barcha imkoniyat va shart-sharoitlar muhayyo. Bundan o'z o'rnida va unumli foydalanib, bilim va ko'nikmalarimizni boyitib borishimiz lozim.
- Mazmunli suhbat uchun rahmat!


E. ABDULVOHIDOV suhbatlashdi