MOHIR TO’QUVCHILAR

Kuz nihoyalanib, qish boshlanishi bilan issiq liboslarga ehtiyoj sezamiz. Issiq kiyimlarimiz mayin ipdan to'qilgan bo'lsa yanayam soz. Bizning qahramonimiz ham aynan kuz va qish mavsumi uchun issiq kiyimlarni o'zi to'qiydi.
To'qishga kichkintoylik vaqtlarimdan qiziqaman. Bu ishtiyoq meni keyinchalik tumanimizdagi "Barkamol avlod" bolalar markaziga yetakladi. Bu yerda ustozim Marhabo Qosimovadan 4 yildan buyon to'qish sirlarini o'rganyapman. To'garagimizda jami 30 nafar qizlar shug'ullanamiz. Hozirga qadar djemfer, kuylaklar, paypoq, bo'yinbog', qo'lqop kabi issiq kiyimlarni o'zimiz mustaqil to'qishni o'rganib oldik. Yana multfilm qahramonlarining o'yinchoqlarini ham sevimli mashg'ulotim sifatida to'qiyman. Bu o'yinchoqlarimni kichkina jiyanlarimga sovg'a qilaman. Kiyim to'qishda asosan, xomaki ustunchali hamda xalqali ustunchali usullardan keng foydalamanan. Bilasizmi, momiq ip, kiprik ip, toza ipak iplar kiyimlarning ham chiroyli ham issiq bo'lishida asqotadi. Bitta kiyimni to'qishga 3 - 4 kun vaqt ajrataman. Shunda u men istaganday chiroyli chiqadi. Bugunga qadar 100 dan ortiq kiyimlarni to'qib tengdosh do'stlarimga ulashdim. Ular ham mendan juda xursand bo'lishdi. Kelajakda bu hunar sirlarini o'quvchilarga o'rgatish uchun mehnat fani o'qituvchisi bo'lishni niyat qilganman.

Mohina TURSUNOVA,
Kosonsoy tumanidagi 1-umumta'lim maktabining 7-sinf o'quvchisi