YURTGA QALQON BO’LAMAN

Viloyatimizda yozgi biatlon, duatlon, triatlon, o'q otish, avtosport, motosport, radiosport, karting, aviamodel, kemamodel kabi yo'nalishlar bo'yicha 53 ta amaliy-texnik sport seksiyalari faoliyati yo'lga qo'yilgan. Ularda 700 nafarga yaqin shug'ullanuvchilar o'z mahoratlarini toblamoqdalar. Uychilik Muzaffar Mahammadjonov tumandagi 6-umumta'lim maktabining 3-sinfida tahsil olmoqda. Hozirdanoq uning kartingga bo'lgan qiziqi-shi juda yuqori. Respublika musobaqalarida muntazam ishtirok etib kelayotgan spotchining yutuqlari viloyatimiz tumanlarida ham bu yo'nalish nechog'lik rivojlanayotganini ko'rsatadi. Mahoratli kartingchi esa texnika bilan tillashib, muvaffaqiyatlari bilan tengdoshlariga o'rnak bo'lmoqda.
- Maktab ostonasini xatlaboq texnik vositalarni puxta o'rganishga kirishganman, - deydi Muzaffar Mahammadjonov. - Harbiy sohaga qiziqishim yuqori bo'lgani sababli hozirdanoq amaliy-texnik yo'nalishlarda yetakchilikka intilyapman. Maqsadim harbiy texnikalar bilan bemalol tillasha oladigan yetuk mutaxassis bo'lish. Ustozlarim ko'magida 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o'tkazilayotgan musobaqalarda ishtirok etyapman. Bu mavsum bellashuvlari, O'zbekiston chempionati va kubogiga munosib tayyorgarlik ko'rishimizga zamin yaratadi.
Viloyatimizning barcha tumanlarida amaliy sport turlari jadal rivojlanayotganini ko'rish mumkin. Bunga o'tkazilayotgan musobaqalar ham asos bo'lyapti. Xususan, o'tgan mavsumda 34 ta klub darajasidagi, 58 ta tuman va shahar, 12 ta viloyat musobaqalari tashkil etildi. Respublika chempionati va kubogi bellashuvlariga ham viloyatimizdagi karting maydonlari mezbonlik qildi. Shuning uchun ham yo'nalish yanada ommalashib boryapti. Bu esa Muzaffar kabi o'quvchilarning harbiy sohaga bo'lgan qiziqishini yanada oshirib, vatanparvarlik ruhida kamol topishlariga xizmat qilmoqda. Mashg'ulotlar davomida olgan bilim va ko'nikmalarini ular endi amalda namoyish etadilar. Chempionlik shohsupasiga ko'tarilgan bolalar va o'smirlar esa "tengdosh - tengdoshga" tamoyili asosida sportni yanada ommalashtirish, shug'ullanuvchilar safini kengaytirishga ham o'z hissalarini qo'shadilar.

 

Elyor ABDULVOHIDOV