BILIM ILA ZABT ETAMIZ OLAMNI

Mingbuloq tumanidagi 13-DIMI o`quvchilari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqiyosida o`tkazilayotgan turli tanlov va bellashuvlarda ham o`z bilimlari bilan yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Yaqinda Sankt-Peterburg pedagogik ta'lim akademiyasi tomonidan o`tkazilgan xalqaro sirtqi olimpiadada 39 nafar o`quvchi matematika va ingliz tili fanidan ishtirok etdi. Onlayn tarzda o`tkazilgan mazkur nufuzli tanlov ishtirokchilarning bilimlarini jiddiy sinov asosida baholashi va g`oliblarning dunyodagi nufuzli o`quv yurtlariga kirish imkoniyatini chamalovchi ahamiyatga ega ekani bilan barchaning e'tiborida bo`lib kelmoqda. Bir nechta savol va masalalar taqdim etuvchi 7 ta topshiriqdan iborat sinovlardan muvaffaqiyatli o`tish uchun o`quvchi chuqur bilim va zehnga ega bo`lishi shart. E'tiborli jihati shundaki, ana shu olimpiadada maktab-internatning 5 - 9-sinflari vakillari ishtirok etishdi. Matematika fanidan Orifjon Shomatov, Nilufar Jumaboyeva va Doniyor Ro`zimatov, ingliz tilidan esa Feruza Jo`rayeva hamda Noila Ishqulova o`g`il-qizlarni ana shu sinovga munosib tayyorladilar. Shu bois natija kutilganidanda yuksak bo`ldi. 30 nafar o`quvchi xalqaro onlayn-olimpiadada e'tirof qozondi. Shundan 12 nafari barcha savollarga to`liq va aniq javob bergani o`quvchilarning bilimi va hatto xalqaro maydonda bemalol bellasha olishini isbotlab turibdi. Yuksak muvaffaqiyatdan ruhlangan ta'lim maskani jamoasi navbatdagi xalqaro tanlovlarga ham puxta taraddud ko`rmoqda. Buning uchun shu yerning o`zida mukammal shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, o`quvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ishlashi, ustozlari boshchiligida internet tarmog`i orqali turli bellashuvlarda ishtirok etib, bilimlarini sinash uchun imkoniyatlar mavjud. Bularning baridan o`z o`rnida va samarali foydalayotgan o`quvchilar yuksak natijalarga erishib kelishmoqda. Diplom va sertifikatlarni qo`lga kiritish borasida o`ziga xos rekordlardan biri muassasaning 7-sinf o`quvchisi Abror Usmonaliyevga tegishli.
- Bo`sh vaqtimda sport bilan muntazam shug`ullanaman, - deydi a'lochi o`quvchi. - Bu esa menga har tomonlama yetuk ulg`ayishimga ko`mak beradi. Bilim olish va sportda yuksalayotganim natijalarimda aks etmoqda. O`zim tanlagan karate yo`nalishida 7 ta, bilimlar sinovlarida 7 ta, jami 14 ta diplom va sertifikatga ega bo`ldim. Maqsadim chuqur bilimga ega barkamol shaxs bo`lib ulg`ayish. Ustozlarim berayotgan saboqlar muvaffaqiyatlarim omili bo`lmoqda.
Yana bir xushxabar. Onlayn-olimpiadada Chortoq tumanidagi 5-DIMIning 5 nafar o`quvchisi ham munosib e'tirof etildi. Ular matematika fanidan yuqori natijalarni qayd etdilar.

 

O`z muxbirimiz