OBODLIK VA EZGULIK BAYRAMI

Boychechak chiqibdi bugun Navro'z ekan,
Hamma bir-biriga jigar so'z ekan,
Olam ham barobar kecha-kunduz ekan,
Boychechak chiqibdi bugun Navro'z ekan...
Ozod va obod diyorimiz uzra fasllar kelinchagi bahor kezmoqda. Tog'lar bag'rini yorib chiqqan boychechak olam uzra zar-rin nurlarini sochayotgan boboquyoshga talpinadi. Butun borliq yasharish, yangilanish, go'zallik va nafosat fasli ko'klam tarovatidan fayzga burkangan yurtimizda umumxalq bayrami - Navro'zi olam keng nishonlandi.
Barcha joylarda bo'lganidek, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tizimidagi muassasalarda ham obodlik va ezgulik ayyomiga taraddud bayram munosabati bilan o'tkazilgan umumxalq hasharidan boshlandi. Umumxalq hashari tizimdagi barcha ustoz-muallimlar, o'quvchi-yoshlarni g'ayrat-shijoatga chorladi. Ularning sa'y-harakatlari bilan viloyatimiz bo'yicha 380,2 gektar maydon obodonlashtirilib, 364,7 km. ariq-zovurlar, 319 ta ziyoratgoh va qabristonlarda tozalov va ko'kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, tartibga keltirildi. 109816 tup daraxtlarga shakl berilib, 43847 tup manzarali, 34108 tup mevali, 108397 tup gul ko'chatlari o'tqazildi, 171881 dona terak qalamchalari ekildi.
Bunday obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari mehr-oqibat, xayru saxovat, ezgulik va odamiylik kabi qadriyatlar bilan uyg'unlik kasb etdi. Keksalarni e'zozlash, yoshi ulug'larga izzat-ikrom ko'rsatish tuyg'ulari bilan hamnafas kamol topayotgan o'g'il-qizlarimiz, ayniqsa, bunday xayrli yumushlarda faollik ko'rsatdilar. 1086 nafar hamyurtlarimizning uy-joylarini ta'mirlashga ko'maklashildi.
Shuningdek, hashar kunlari hamda umumxalq ayyomi arafa-sida 497 nafar kam ta'minlangan, yakka-yolg'iz, e'tiborga muhtoj ki-shilar xonadonlariga yo'qlovlar uyushtirildi.
Navro'z yurtimizda azal-azaldan mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag'rikenglik va bunyodkorlik bayrami sifatida ulug'lab, e'zoz topib kelayotgan shodiyona. Yosh avlod qalbida ana shunday qadriyatlarni shakllantirish, ularni milliy urf-odatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish kabi ezgu an'analar Navro'zi olam shodiyonalariga yanada o'zgacha mazmun bag'ishladi.
Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tizimidagi muassasalar jamoalari hamda o'quvchi-yoshlar 21-mart - umumxalq bayrami kuni viloyatimiz markazidagi "Kichkintoy" bolalar bog'i, "Kamolot" yoshlar bog'i, Mashrab nomidagi madaniyat va istiroxat maskani, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istiroxat bog'ida tashkil etilgan xalq sayli va bayram tantanalarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlardagi qadimiy ayyom shodiyonalarida zo'r uyushqoqlik bilan faol ishtirok etdilar.
Mazkur istiroxat maskanlari hamda barcha saylgohlar gulchechaklar bilan bezatilib, doshqozonlarda sumalak hamda bahoriy taomlar pishirildi. 600 nafardan ziyod o'g'il-qizlarga "Kichkintoy" bolalar bog'idagi "Musaffo" tantanalar majmuasida bayram dasturxoni bezatilib, quvonchu shodlik ula-shildi.
Bayram sayli xalq qo'shiqlari, yallalar, laparlarga hamohang, milliy o'yinlar, kitoblar ko'rgazmasi, varraklar sayli, rasmlar tanlovi kabi ko'plab tadbirlar bilan yanada mazmunga to'ldi.
San'atkorlar ijrosidagi ona Vatan, mustaqillik, bahor madhidagi kuy-qo'shiqlar, dilrabo raqslar, iste'dodli o'quvchi-yoshlarning chiqishlari, sport bellashuvlari hamda sportchilarning ko'rgazmalari bilan Navro'zi olam tantanalari yanada fayzu tarovat kasb etdi. Navro'z shukuhi, qadimiy va navqiron ayyom shodiyonalaridan yurtimiz fayzu tarovatga burkandi.

Mardonbek ESONBOYEV