KITOB - SEHRLI OLAM

Insonning salohiyati va tafakkurini teranlashtirib, unga hayotiy tajriba ulashadigan ham, yolg'izlikda u bilan chinakam qadrdon bo'ladigan ham kitobdir. Shu bois ham “Bir kitobni so'nggi sahifalarini o'qiyotganingda uning yaxshi kitob ekanini his qilsang, demak yana bir yangi do'st bilan xayrlashishga to'g'ri keladi”, deydi faylasuflardan biri. Bizni o'rab turgan ziyo olamida yangidan-yangi do'stlar topi-shi mushkul emas. Boisi, biz izlagan va qiziqqan kitoblarimizning barchasi bugun axborot-resurs markazlaridan, shuningdek, kitob do'konlaridan topiladi. Shu ma'noda o'zbek va jahon adabiyotiga oid har bir asarning o'z mushtariylari bor. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'-risida"gi farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida kuni kecha "Yoshlar markazi"da o'tkazilgan "Kitob - sehrli olam" shiori ostidagi kitob bayrami ham o'quvchi-yoshlarning cheksiz quvonchiga sabab bo'ldi. Tadbirda Viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig'i Ziyovuddin Mansurov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adabiy maslahatchi Ruqiya G'oziyeva hamda barcha tumanlarning axborot-resurs markazlari vakillari, shuningdek, 300 nafardan ziyod kitobxon o'quvchilar ishtirok etdilar. Kechada Namangan shahridagi 7-, 43-, 71-umumta'lim maktablarining faol o'quvchilari o'z chiqishlari bilan qatnashdilar. Innovatsion g'oyalar asosida namoyish etilgan "Gapiruvchi kitoblar" ko'rgazmasi yig'ilganlar e`tiborini tortdi. Kitob bayrami o'quvchilarni yangidan-yangi asarlar bilan do'stlashishga undadi.

Nodira MURATOVA,
viloyat axborot-resurs markazi direktori