Taassurotim bir olam

Sayohat jon-u dilim. Nega deysizmi? Boisi o'z tengdoshlarim bilan yangidan-yangi joylarni ko'rishga, qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'lishga erishamiz. Qolaversa, o'z bilimlarimizni ham boyitamiz. 18-may "Xalqaro muzeylar kuni" munosabati bilan viloyatimizdagi "O'lkashunoslik" muzeyiga tashrif buyurdik. U yerda barcha tumanlardan kelgan 1000 nafardan ziyod do'stlarimiz bilan birgalikda muzeyning tabiatshunoslik, etnografiya, arxeologiya, adabiyot va san'at kabi bo'limlarida jami 65 ming dona eksponatlarni ko'rishga muvaffaq bo'ldik. Tabiatshunoslik bo'limidagi qadimgi davrda yashagan dinozavrlar oilasi, qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va qushlarning bir nechta turlari haqidagi ma'lumotlar qiziqishimizni oshirdi. Qolaversa, muzey xodimlari tarixiy binolar, mezolit va neolit davri odamlarining qiyofalari, ular foydalangan ish qurollari, qadimgi odamlarning mashg'ulotlari xususida ham so'zlab berishdi. Barcha taassurotlarimizni do'stlarimiz bilan bo'lishishni hamda sayohatimiz haqida mustaqil insho yozishni niyat qildik.

Madina ABDUHAMIDOVA,
Kosonsoy tumanidagi 10-umumta'lim maktabining 6-sinf o'quvchisi