GULGUN ChEChAKLARGA BURKANDI OLAM

Ozod va obod diyorimiz ichra biz - namanganliklarni gul ishqibozi, gul ixlosmandi sifatida tanishadi. Zotan, nafaqat yurtimizga, balki qo`shni mamlakatlarga ham dovrug`i ketgan "Gul bayrami" mana yarim asrdan ziyoddirki, faqat bizning viloyatimizda o`tkazib kelinadi.
"Gul bayrami" bu gal har qachongidan zo`r tayyorgarlik, o`zgacha ko`tarinkilik va shodu xurramlik bilan o`tdi. Viloyatimizdagi jamiki korxona, tashkilot va muassasalar, mehnat jamoalari qatori viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tizimidagi muassasalar ham an'anaviy 57-"Gul bayrami"da zo`r uyushqoqlik bilan ishtirok etdilar.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`i afsonaviy Eram bog`laridek ko`rku tarovat va maftunkorlik kasb etib, gullarga burkandi.
Bu galgi shodiyonaga yurtimizning barcha viloyat va shaharlaridan har qachongidan ko`p mehmonlar tashrif buyurishdi. Fayziyob bog`, obod va so`lim maskanlarimiz tobora gullab-yashnab, chiroy ochib borayotgan shahrimiz ularda unutilmas taassurot qoldirdi.
- Namangan ahlining gullarga bo`lgan mehri haqida ko`p eshitgandik. Lekin kelib, ko`rib bildikki, "Gullar shahri" kishilarining go`zallikka ishtiyoqi tasavvur qilganimizdan ham ziyoda ekan, - deydi xo-razmlik Navro`zbek Shamsiddinov. - Qarang, chor-atrof gulu chechaklarga burkangan. Xuddi ertaklardagidek sehrli. Qalbing zavqu shavqqa to`lib-toshadi. Namanganni "Gullar shahri" deyishganicha bor ekan. Viloyatingizning har bir go`shasi naqadar ko`rkam va fusunkor. Ayniqsa, Namangan shahrining obod qiyofasi havas va hayratimizni oshirdi. Butun oila a'zolarimiz bilan kelib, ushbu o`zgacha shodiyonada yayrab-yashnadik.
Minglab, o`n minglab turfa xil va rango-rang gullar bilan bezangan istirohat bog`idagi betakrorlik, ayniqsa, bolajonlar chehrasidagi quvonchu shodliklarni aytmaysizmi? Baxtiyor bolalik, iqboli kulgan yurtda yashayotganimizning yana bir yorqin ifodasi sifatida o`tgan "Gul bayrami" barchaga ana shunday xush kayfiyat bag`ishladi.

 

Maftuna REJABBOYEVA