UNING SEHRLI TAYOQCHASI BOR

10 yoshli Asadbek Ayubjonov bugun manaman degan orkestrlarni boshqarish tajribasiga ega ekani hayratlanarli. Musiqa olamining taniqli namoyandalaridan sanalgan professor Vladimir Borisovich Neymer e'tiborini qozonib, katta-katta orkestrlarda faoliyat yuritayotgan o`quvchi noyob iste'dodi va beqiyos talanti bilan barcha tengdoshlariga o`rnak bo`lmoqda. Biz yosh dirijorni suhbatga tortdik.
- Asadbek, musiqa siz uchun qanday ahamiyatga ega?
- 4 yoshimdanoq onam turli orkestrlar ijrosidagi musiqalarni qo`yib berar edilar. Teleekran orqali tomosha qilardim. O`yinchoqlarimni o`ynab o`tirgan joyimda yangrayotgan ohangga jo`r bo`lishga intilardim. O`zbekiston rassomlar Akademiyasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan san'at maktab internatida tahsil olish davo-mida skripka chalishni puxta o`zlashtirdim. Keyinchalik esa, Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga qabul qilindim. Ushbu dargohdagi ustozlarim yordamida bilim va ko`nikmalarimni yanada oshirib boryapman. Musiqa menga doimo hamroh. Chunki onam doira chalishni xush ko`radilar. Otam gitara chaladi. Buvim va buvam ham san'atga chin dildan mehr qo`yishgan. Bo`sh vaqtimda Betxoven, Bax, Motsartni tinglashni yoqtiraman.
- Dirijorlik faoliyatini qanday boshlagansiz?
- Ustozim Vladimir Neymer uch oy davomida menga dirijorlik sirlaridan saboq berdilar. Qobiliyatim bor ekaniga ishontira oldilar. Ilk bor sahnaga 7 yoshimda chiqdim. Bu Germaniya elchixonasi bilan hamkorlikdagi konsert edi. O`shanda orkestrga, solistga, xorga dirijorlik qildim. O`zbekiston milliy simfonik orkestri, O`zbekiston Konservatoriyasi talabalar simfonik orkestri, Alisher Navoiy nomli simfonik orkestri, V. Uspenskiy nomli litsey simfonik orkestrlari bilan 15 ga yaqin konsertda ishtirok etdim. 2015-yil "Moskva do`stlarni kutib oladi" nomli 12-Xalqaro festivalning ochilishiga taniqli V. T. Spivakov taklif qildi. U yerda "Virtuozi Moskvi" (“Moskva iqtidorlari”) kamer orkestriga dirijorlik qildim. O`sha yili Rossiyaning "Tinchlik fondi" uyushmasi o`tkazgan "Dunyo yoshlari urushga qarshi" xayriya konsertida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga qarashli simfonik orkestriga dirijorlik qildim. O`tgan yili esa, "Oltin kuz" festivali davomida O`zbekiston milliy orkestrida dirijorlik qilish menga nasib etdi.
- Katta sahnada hayajon bos-maydimi?
- Men musiqadan kuch olaman. Orkestrdagi barcha meni jiddiy qabul qiladi va bu ham qo`shimcha dalda bo`ldi. Katta tadbirlarda minglab nigohlar menga qadalgan bir sharoitda dirijorlik qilayotganimda yangrayotgan musiqa ta'sirida o`zimni juda baxtiyor his etaman va faqat shu haqda o`ylayman. Shuning uchun ijro tabiiy chiqadi. Ko`p tadbirlarda ishtirok etayotganim, konsertlar tez-tez tashkil qilinayotgani mahoratim oshishida, ko`nikma hosil bo`lishida qo`l kelmoqda.
- Tengdoshlaringiz iqtidoringizga qanday baho berishadi?
- Litseyimizda iqtidorli bolalar juda ko`p. Biz doimo ahil-inoqmiz. Bizni nafaqat san'at, balki ezgu g`oyalar ham birlashtiradi. Ustozlarimiz tashabbusi bilan joriy qilingan "Bolalar - bolalarga" nomli konsert muntazam o`t-kazib kelinmoqda. Tushgan mablag` esa turli xastaliklarga chalingan bolalarni sog`lomlashtirish ishlariga sarflanadi. Biz bunday ajoyib ishga hissa qo`shayotganimizdan baxtiyormiz. Ustozlarimiz bizga mana shunday mehribon, atrofdagilarga e'tiborli bo`lishni, xayriya tadbirlari vositasida yaxshiliklar qilishni o`rgatishmoqda. Insoniylik, olijanoblik xalqimizga xos bo`lgan fazilatlar bo`lgani bois biz ham bu jihatlarni odat qilyapmiz.
- Qanday kitoblarni o`qib turasiz?
- Ko`proq ensiklopediyalar, geografiya, fazo, mexanizmlar, jonivorlar hayoti haqidagi kitoblarni o`qiyman.
- Musiqa bastalaganmisiz?
- Albatta, bu boradagi ilk mashqlarim bor. Uchta kuy bastaladim. Dastlabkisiga "Dengiz yaqinidagi xordiq" deb nom berdim. Kelajakda bu borada ham izlanish niyatim bor.
- Namanganlik o`quvchilarga tilaklaringiz.
- Mening buvijonim Marhabat Qodirova Chortoq tumanidagi Koroskon qishlog`ida tavallud topganlar. Buvamning ota-onalari esa Chust tumanidan bo`lishgan ekan. Buni menga onam Mohida Jumayeva so`zlab berganlar. Ya'ni vodiy va "Gullar shahri" men uchun begona emas. Tengdoshlarimni doimo ezgu maqsad sari dadil intilishga chaqiraman. O`zingizga, o`z qobiliyatingizga ishoning, deyman. Doimo foydali mashg`ulotlar bilan shug`ullaning va albatta, musiqa hamrohingiz bo`lsin!
- Rahmat, Asadbek! Kelajakda ham bizni yorqin faoliyatingiz bilan xushnud etishdan charchamang!