Dilshod RAJAB: EZGULIKKA YO`G`RILGAN OLAM

Iste'dod qanday kamol topadi?
Shoir, yozuvchi, rassom, umuman, ijodkor bo`lish uchun nima qilmoq kerak? Mashhur insonlar bolalikda qanday bo`lishgan?
Bu jihatlar barcha o`g`il-qizlarni qiziqtirishi, tabiiy. Boisi barchamiz mashhur insonlarning nafaqat bugungi kuniga havas bilan boqamiz, balki o`quvchilik davrlari haqida ham bilishni juda-juda istaymiz.
Zotan, yaxshilardan ibrat olish eng yaxshi odatdir.
Shu bois bolalar shoiri Dilshod Rajab bilan suhbatimiz chog`ida aynan shu jihatlarga e'tibor qaratdik.

 

- Kun tartibingiz qanday?
- Ertalab barvaqt uyg`onish odatimga aylangan. Shu ondayoq kecha pishitib qo`ygan kunlik rejalarimni yana bir bor ko`z oldimga keltiraman. Keyin badantarbiya qilaman. Piyoda yurish koni foyda. Bundan zavqlanaman. G`afur G`ulom nomidagi istirohat bog`i uyimiz yaqinida. Ertalab ishga keta turib, atrofdan zavq-shavq olaman. Toza havo, musaffolik... bu inson bahri-dilini ochadi va juda ham kerakli. Ish kunimni esa kunlik nashrlar bilan tanishishdan boshlayman.
- Bolalarga bu borada qanday maslahat berasiz?
- Eng birinchi galda bolalar vaqtida uyquga yotishi va jismoniy tiniqib dam olishi kerak. Bu ularning chiniqishida ham, toblanishida ham, kuch-quvvatga to`lishida ham muhim. Qolaversa, vaqtdan unumli foydalanish uchun ham imkon beradi. Men vaqt kam degan fikrga qo`shilmayman. Vaqt yetarli, faqat uni to`g`ri taqsimlay olish kerak. Farzandlarimizni shunga amal qilishga undardim. Bu borada ota-ona, ustozlar yaqin maslahatdosh, ko`makchi bo`lishlari kerak.
- Ilk she'ringizni eslay olasiz-mi? Uni necha yoshda yozgansiz?
- Birinchi she'rim "Gulxan" jurnalida chop etilgan. U "Bahs" deb nomlanib, mehnat qurollarining bahsini tasvirlagan edim.
Bir kuni ketmonvoy der,
Menman dunyoda eng zo`r.
Mensiz yurishmaydi ish,
Mensiz ag`darilmas yer...
tarzida edi.
Ushbu she'rim chiqqanida qan-chalar sevinganimni bilsangiz edi...
- Hayotda o`rningizni topishingizda kimlarning o`rni katta deb bilasiz?
- Maktabda ta'lim bergan ustozlarimdan hamisha, hamma vaqt minnatdorman. Keyin ilm yo`lida, adabiyot yo`lida ko`p adiblar, ijodkorlar menga ustozlik qilishgan. Ba'zan kimningdir bir og`iz to`g`ri so`zi turtki bo`lib, inson taqdirini yorqin yo`lga burib yuboradi. Kitob va adabiyotni eng tengsiz ustozlarim, deb bilaman. Adabiyotsiz hayot yo`q. Adabiyotdan yiroq inson to`laqonli shaxs sifatida kamol topmaydi.
Darsliklar, kitoblarniku qo`ya turaylik, alla eshitmagan bola yaxshi inson bo`lolmaydi.
- Ilk ustozingiz, maktabdagi birinchi o`qituvchingiz va ijodga ishtiyoq uyg`otgan inson kim edi?
- Buxoroning Shofirkonida dunyoga kelganman va shu tumandagi maktabda o`qiganman. Birinchi o`qituvchim Muhabbat opa Abdullayeva. Kamolimda oilamiz-dagi muhitning ta'siri katta deb bilaman. Otam Eson Rajabov tarixchi, onam Hanifa Nazarova matematika o`qituvchisi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan o`qituvchi bo`lib, ijodkor bo`lishimda ularning o`rni beqiyos. Bilasizmi, ikki akam boshqa sohalarda ishlashsa-da, she'r yozishadi.
Agarda hamma narsani maktab hal qilganida edi, hamma bolalarimiz yetuk va mukammal insonlar bo`lib ulg`ayardi. Deylik, bir sinfdagi bolalarning 5 nafari a'lochi, 10 nafari yaxshi yoki... va hokazo. Bu o`ylab ko`radigan jihat. Demoqchimanki, inson kamolida oilaning roli beqiyos. "Qush uyasida ko`rganini qiladi" kabi naql bejiz emas axir.
- Ijodkor bo`lish uchun nima qilmoq kerak?
- Har bir inson bolalikdan tabiatga mehr bilan ulg`ayishi kerak. Faqat ijodkor bolalarni emas, umuman, hamma o`g`il-qizlarni tabiatga yaqinlashtirish kerak. Texnika, ilg`or texnologiyalar aqlni charxlashi aniq. Tabiat, maftunkor borliq esa, betakror zavq-shavq beradi. Qalbga jo`shqinlik tuhfa etadi, qalbni tarbiyalaydi. Tasavvur olaming bepoyon kengliklar kabi yuksaladi bu zavqdan. Bilasizmi, uyda bolalarning quyon, tovuq va shu kabi qush va jonzotlar parvarish qilishlari ham juda-juda foydali. Ona tovuq ortida sap-sariq jo`jalarning “chiyo-chiyo”lab yurganini ko`rib qanday kechinma kechadi xayolingizdan? Biz bolalikda shunday onlarga oshno ulg`ayganmiz. Tabiatga, hayvonot olamiga, mavjudotlarga mehr shu tarzda uyg`onadi bola qalbida. Qalbi go`zal insonlarning esa ongu tafakkuri ham yuksak bo`ladi. Kelajagimiz egalariga shunday kamolot tilayman.
- Mazmunli suhbat va o`quvchilarimizga juda ham foydali bo`lgan maslahatlaringiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Umid qilamizki, ular, albatta, bunga amal qiladilar.

Isroil YUSUPOV suhbatlashdi