UMIDBAXSH ORZULAR RO`YOBI

Ona yurt bilan faxrlanish, o`zi tug`ilib o`sgan qishlog`i, mahal-lasi, ta'lim olayotgan maktabini dunyoga tanitish har bir o`quvchining orzusi. O`zi haqida, o`zi kamol topayotgan diyor haqida, undagi o`zgarishlar haqida minglab-millionlab tengdoshlariga to`shib-toshib so`zlashni qaysi bir bola istamaydi, deysiz.

Bunday orzu esa qalbga o`zgacha ishtiyoq baxsh etib, izlanishga, yangidan-yangi maqsadlarni ko`zlab shahdam odimlashga undayveradi.

Chunki, ona diyor bilan g`ururlanish uchun, avvalo, shunga munosib bo`lishga intilish kerak.

Yangiqo`rg`on tumanining Nanay qishlog`ilik Anora Innatul-layeva ana shunday intiluvchan, iqtidorli tengdoshlaringizdan.

Shu bois ham u muvaffaqiyat pog`onalaridan dadil odimlab bormoqda.

Anora Nanaydagi 54-umumta'lim maktabining 9-sinfida o`qiydi. Avvalo, ta'kidlash joizki, mazkur ilm maskani tumandagina emas, balki viloyatda ham eng namunali, ibratli ta'lim dargohlaridan. Unda Anora kabi o`z iste'dodini namoyon etishga astoydil bel bog`lagan o`quvchilar oz emas. Ustozlarning sa'y-harakatlari ham shunga monand. Har bir darsni puxta tayyorgarlik bilan o`tishadi, o`quvchilar qalbiga, ong-shuuriga singdi-rishga borki mahoratlarini sarf etishadi.

Birgina Anoraning yutuqlarini aytib o`tadigan bo`lsak, u  2012-yilda "Prezident asarlarini o`rganamiz" tanlovining viloyat bosqichi g`olibligini qo`lga kiritgan edi. 2014-yilda esa matematika fanidan bilimlar bellashuvining tuman bosqichi g`olibi bo`ldi. Ilk muvaffaqiyatlar iqtidorli tengdo-shingizga yanada qanot baxsh etib, u joriy yilda matematikadan fan olimpiadasining tuman bosqichida 1-o`rinni qo`lga kiritib, hozirda olimpiadaning viloyat bosqichiga jiddiy hozirlik ko`rmoqda.

Anora Innatullayevaning tinib-tin-chimasligini yana shunda ham ko`rish mumkinki, u 4 yildan buyon ustozi - informatika fani o`qituvchisi Sobirjon Alimqulovdan informatika sirlarini qunt bilan o`rganmoqda. Bu boradagi bilimi yildan-yilga mukammallashib bormoqda. U  yurtimizning turli hududlaridagi tengdoshlarining ijodi, izlanishlarini muntazam kuzatib boradi. Ularga havas qilib, yangiliklar yaratishga intiladi. Internet tarmog`idagi tengdoshlari yaratgan saytlarni ko`rib, ular kabi o`z veb saytini yaratishga bel bog`lagandi.

Izlanishlari besamar ketmadi. Mustaqil tarzda "do'stlikmfy.zn.uz" saytini yaratishga erishdi. Iste'dodli tengdoshingizning sa'y-harakatlari respublika miqyosida e'tirof etildi. R. Innatulaeva xalq ta'limi tizimidagi "Eng yaxshi veb saytlar - 2014" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida "Eng yaxshi o`quvchi veb sayti" yo`nalishi bo`yicha nominasiya g`olibi bo`ldi.

- Internet tarmog`ida tengdoshlarim, ya'ni o`quvchi-yoshlar yaratgan veb saytlarni ko`rib, judayam havasim kelgan, ulardan bir olam ilhom olgan edim, - deydi Anora. - Angladimki, muhimi o`z oldingga aniq bir maqsadni qo`ya bilishing va unga erisha olishingga ishonch hosil qilishing kerak ekan. Mening veb sayt yarata olishimga ham ana shunday o`zimga bo`lgan ishonch qanot berdi. Maqsadim u orqali doimo ozod va obod yurtimni, uning betakror tumanlaridan bo`lgan Yangiqo`rg`onimni, qishlog`imning go`zal va maftunkor tabiatini, maktabim, unda bizlarga saboq berayotgan ustozlarim, kelajak sari intilayotgan o`zim kabi tengdoshlarim hayotini aks ettirib borish. Izlanishlarimning, qiziqishlarimning cheki yo`q. Bo`sh vaqtlarimda badiiy kitoblar o`qishni yaxshi ko`raman, rasmlar chizaman. Go`zallik fasli bahor esa biz yoshlarga yanada ilhom bag`ishlaydi. Shunday yurt farzandi ekanligimdan ruhlanib, ozod O`zbekistonimga munosib farzand bo`lib kamol topish eng katta orzuim.

Darhaqiqat, bahor nafaqat go`zallik timsoli, balki u yasharish va yangilanish, nafosat va bayramlar fasli. Biz maftunkor fasl Anora va u kabi ijodkor yoshlarga yana va yana ilhom baxsh etib, yangi marralar sari chorlashini tilaymiz. Anora va u kabi iste'dodli farzandlarni dunyoga keltirgan, ulg`aytirayotgan onajonlarimiz, munis opa-singillarimizni qutlug` ayyomlari bilan muborakbod etamiz.

Hur diyorimiz go`zallikdan yanada tarovat kasb etib, barcha-barcha yurtdoshlarimizni umidbaxsh orzular ro`yobi sari yetaklayversin.

Mardon ESONBOYEV