Umida ABDUAZIMOVA: BOLAJONLARIMIZNING DOIMO IQBOL QUYOSHI PORLAB TURSIN

She'rlarida bolalarcha zavqu shavq, samimiyat hamda beg'ubor olamning betakrorliklari, o'g'il-qizlar qalbidagi limmo-lim orzu-umidlar balqib turadigan sevimli bolalar shoirasi Umida ABDUAZIMOVA bilan suhbatimiz kelajagimiz egalarining kamoli, shoiraning bolalik onlari hamda o'quvchi-yoshlar uchun ibrat bo'ladigan jihatlar haqida.
- Komil inson bo'lib ulg'ayish nimalarga bog'liq?
Bola bamisoli bir nihol. Har bir bola, avvalo, oilada kamol topib, aql-idroki shakllanishini inobatga olsak, ota-ona eng ulug' murabbiydir. Bolalarimiz qalbiga yaxshi fazilatlar, shak-shubhasiz, dastavval oiladan singadi. Oiladagi muhit, kayfiyat, undagi tarbiya, oila a'zolarining bir-biriga munosabati, undagi hurmat-izzatdan har bir o'g'il-qiz kichkintoylik chog'idanoq beixtiyor ibrat oladi. Shularning barcha-barchasi tarbiyaning siri, kalitidir. Shuning uchun kichkintoylik chog'laridan bolalarimizni yaxshi fazilatlari uchun rag'batlantirib, ibratga loyiq bo'lishga undab, yaxshi ishlari uchun hatto qarsak chalib, maqtab turishimiz juda-juda foydali.
- Sizning bolaligingizda shunday munosabat ko'rsatishganmi? Kichkintoylik kezlaringiz, qizaloqlik onlaringizni qanday eslaysiz?
- Albatta, bobom ham, buvim ham, otam-onam ham - hammalari meni juda-juda suyib-erkalatishardi. Bu erkalatish rag'bat o'rnida bo'lib, shu bois ham oilamizdagilarning har biri kamolim borasida ajoyib tarbiyachilar bo'lishgan. Ana shunday rag'bat va tarbiya samarasida odobli, zehnli va a'lochi qiz bo'lganman. Fanlarni faqat a'loga o'qish barobarida jamoat ishlarida faol va sinf sardori edim.
- Sinf sardori, tabiiyki, har jihatdan barchaga o'rnak va ibrat bo'lishi kerak. Bu esa, mas'uliyat degani. Buni qanchalik uddalay olgansiz?
- Hammasi ishtiyoqqa, qiziqishga bog'liq. O'qishdan zavq olardim. Qiziqishim bois katta-katta o'zbek xalq ertaklarini yod bilardim. Sinfdoshlarimning bari ertaklar o'qib berishimni yaxshi ko'rishardi. Obid, Sobit, yana boshqa bolalar ham doim ertaklar aytsam vujudlari quloqqa aylanib tinglashar, "Umi, ertak aytib ber", deb iltimos qilishar, afsonalar olamiga sho`ng'ib ketgandek bo'lib tinglashayotganda kimdir noo'rin diqqatimizni bo'lsa "Sen chiqib ket", deya tanbeh berishardi. Bolaligimiz, sinfdoshlik chog'larimiz ana shunday zavqli, betakror kechgan. She'rlar, dostonlarni yod olish jonu dilim edi. Shuning uchun bo'lsa kerak qofiya nima ekanini, she'r nima ekanini 4-sinfda o'qib yurgan kezlarimdayoq bilganman. Shunga qaramasdan yoshligimdan shifokor bo'lishni orzu qilardim.
- Unda aynan ijodkor bo'lishingizga, jurnalistikani tanlashingizga kim yoki nima sababchi bo'lgan?
- Ijodkor bo'lishimga adabiyoti-miz darg'alaridan biri, bolalar shoiri sifatida qalblarimizdan abadiy joy olgan ustozim Po'lat Mo'min sababchi bo'lganlar ustoz Po'lat Mo'min: "Axir sen bolalik chog'laringdan ijod bilan, adabiyot bilan oshno bo'lsang. O'quvchilik onlaringdan she'rlar yozasan. Shunday ekan ToshDU (hozirgi O'zMU)ga bor. Albatta yaxshi ijodkor bo'lasan", dedilar. Ijod, adabiyot va jurnalistika yo'lini tanlashimga ustozning shu istaklari turtki bo'lgan. Ustozimdan, qolaversa, kelgusi hayotimda istiqbol sari yetaklagan barcha ustozlarimdan butun umr min-natdorman.
- Kelajagimiz egalariga istaklaringiz...
- Har bir boladagi iste'dod, avvalo, oilada kurtak yozadi. Shu bois o'g'il-qizlarimiz oilani katta tarbiya maktabi deb bilib, ota-ona o'gitlariga rioya qilishsin, ustozlar sabog'ini qunt bilan o'rganishsin. Fursatdan foydalanib, yana bir fikrni ta'kidlab o'tishni istardim: hammaning bolaligi yaxshi o'tsa, kelajakda quvonchi but bo'ladi. Barcha farzandlarimizga hamisha quvonch va iqbol yor bo'lishini chin dildan istayman.
- Ezgu istaklaringiz va samimiy suhbat uchun tashakkur.

 

Isroil YUSUPOV suhbatlashdi


Umida Abduazimova 1953-yilda Toshkent shahrida tug'ilgan.
O'rta maktabni oltin medal bilan tugatgach, ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Umida Abduazimova O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, 1997-yilda "Shuhrat" iedali bilan taqdirlangan."Sevinchim", "Seni ko'rgim kelaveradi", "Arazlamang", "Salom hayot", "Qadimiy qo'shiq", "Oydin orzular", "Umrim ziynati" "Oymoma bog'" kabi o'ndan ortiq she'riy va publisistik kitoblar muallifi.