NAFOSAT BAHSI

 

Norin tumanida pro-kuratura organlari bilan hamkorlikda viloyat hokimi sovrini uchun badiiy gimnastika bo`yicha  tashkil etilgan musobaqa 2004 - 2007-yillarda tug`ilgan yuz nafardan ziyod qizlarni jamladi. Nafosat va go`zallik sohibalari gilamda biri biridan chiroyli kompozisiyalarni ijro etib, mahoratlarini namoyish qildilar. O`quvchi qizlar egiluvchanlik, muvozanatni ushlash, sakrash kabi elementlarni mujassam etgan harakatlarni musiqa uyg`unligida mahorat bilan bajarishgani yaratib berilayotgan imkoniyatlardan nechog`li unumli foydalanayotganlarining amaliy ifodasi edi.

- O`quvchilarda sportning bu turiga qiziqish juda yuqori, - deydi murabbiy Iroda Xoldorova. - Birgina Norin tumani markazidagi yangi zalimizda 5 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan 200 nafardan ziyod qizlar shug`ullanishayotgani ham shuni ko`rsatib turibdi. Ular orasida viloyat chempionatlari va respublika musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotganlar ko`p. Maqsadimiz chempionlar safini yanada kengaytirish, eng muhimi, kelajagimiz egalarini har jihatdan sog`lom va yetuk kamol toptirish.

Badiiy gimnastikachilar  Xorazm viloyati mezbonlik qiladigan "Umid nihollari - 2015" respublika o`yinlariga puxta hozirlik ham ko`rishyapti. Qolaversa, viloyatimizda bu sport turi bo`yicha respublika bellashuvlarining muntazam o`tkazib kelinayotgani ularning qiziqishni yanada oshirmoqda.

- Norin tumanidagi 11-BO`SM o`quvchisiman, - deydi Dilshoda Mamajonova. - 2014-yil Qashqadaryoda bo`lib o`tgan O`zbekiston kubogida 2-o`rinni qo`lga kiritdim. Bugungi musobaqada esa sovrindorlar qatoridan joy oldim. Maqsadim kelgusida yetuk sportchi sifatida xalqaro arenalarda  mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish, yurtimiz bayrog`ini baland ko`tarish.

Musobaqa yakunlariga ko`ra g`olib va sovrindorlar munosib taqdirlandilar. Barcha tumanlardan kelgan sporchi va murabbiylar norinlik badiiy gimnastikachilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Ustozlar "Umid nihollari - 2015" respublika o`yinlariga qizlarni tayyorlash borasida fikr almashdilar.  

Elyor ABDULVOHIDOV