Mavsumni bezagan o`quvchilar

Namangan shahridagi "Shodiyona" tantanalar majmuasida 2017-yil mavsumida eng yuqori natija ko`rsatgan yoshlar va sportchilarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Quvonarlisi, ana shunday e'tirof etilganlar qatorida tengdoshlarimiz ham bor. Jumladan, shashka bo`yicha bolalar o`rtasidagi Osiyo va jahon chempionatida oltin medallarni qo`lga kiritgan 7 yoshli Mavluda Mahmudova viloyat hokimining qimmatbaho sovg`asiga sazovor bo`ldi. Pop tumanidagi 67-umumta'lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Nazokat Soliyeva armresling bo`yicha jahon chempionligini qo`lga kiritgani uchun taqdirlandi. Shuningdek, Nazokatning sinfdoshi, stol tennisi ustasi Sayyora Abduhalilova esa 2017-yil davomida bo`lib o`tgan xalqaro turnirlarda sovrindorlar qatoridan o`rin olgani uchun rag`batlantirildi. Yana bir tengdoshingiz, Namangan shahridagi 58-DIUMning 9-sinf o`quvchisi Asadbek Olimjonov badminton bo`yicha yil davomida bir qator xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yil qahramonlari qatoridan munosib joy oldi. Sportchilarimiz ko`rsatilayotgan cheksiz g`amxo`rliklar va e'tibordan ruhlanib, yangi mavsumda ham ulkan yutuqlarni qo`lga kiritishni o`z oldilariga maqsad qildilar.

Elyor ABDULVOHIDOV