Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

Jajji malika

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda, g‘aroyib bir makonda judayam katta qirollik bo‘lgan ekan. U yerda odamlar ahil-inoq yashasharkan. Chunki qirollikni adolatli podshoh boshqarar ekan. Podshohning jajji qizi boʻlib, malika  judayam aqlli, odobli, chiroyli ekan. Ammo saroyda yashagani uchun zerikkanda o‘ynaydigan dugonalari yo‘q ekan.

Kunlarning birida jajji malika saroyni aylanib yurib, yerto‘lada eshik borli­giga ko‘zi tushib qolibdi. Eshik­ni ochib qarasa, tashqari yam-yashil o‘rmonzorga ulanar ekan. Malika qiziqib, o‘rmonni tomosha qilgisi kelibdi. O‘rmon ichidan borayotganda, so‘qmoq yo‘l ko‘rinibdi va ana shu yo‘ldan ketaveribdi. Yuraveribdi-yurave­ribdi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, oldidan kulba chiqib qolibdi. Jajji malika aqlli, odobli bo‘lish bilan birga jasur ham ekan. U ana shu kulbada kim yasharkin deb, eshigini taqillatibdi. Eshik­ni esa malika kutganidek, o‘zi kabi chiroyli, sochlari sap-sariq qizaloq ochibdi. Malika o‘rtoq topganidan juda hursand bo‘libdi va u qizni dugona bo‘lishga chaqiribdi. Ular bir-birlariga rosa ma’qul keli­shibdi. Ko‘p o‘ynashganidan kun kech bo‘lganini bilmay qolishibdi. Oynadan qorong‘u tushayotganini ko‘rgan malika saroyda meni qidirishayotgandir, degan xavotirda dugonasiga men tez ketishim kerak, debdi. Dugonasi yarim yo‘lgacha uni kuzatib qo‘yibdi va “Yana kelgin, men seni kutaman”, - debdi. Malika kelgan yo‘lidan saroyga yetib boribdi va saroy orqasidagi kichkina eshikdan yana saroyga kirib olibdi. Rost­dan ham saroyda hamma uni qidirayotgan ekan. Jajji malika, men mushugim bilan o‘ynab uxlab qolibman, deb barchaga xotirjamlik beribdi. Jajji malika shu tarzda 3 - 4 marta mallasoch dugonasi bilan yashirin kulbada uchrashib oʻynabdi. Keyingi gal malikaning dugonasi unga saroydagi eski kitobni olib kelishini juda xohlashi­ni aytibdi. Saxiy malika oʻsha kitobni olib boribdi. Shu payt qizcha yalmo­gʻiz kampirga aylanibdi. Jajji malika aldanganini bilib rosa yigʻlabdi. Ammo ­ qirol dadasi va ­uning a’yonlari, qolaversa, aqlli mushukchasi tez orada malikani topib, qutqarib qo­lishibdi. Shundan keyin qahramonimiz oʻzi koʻchaga chiqmaydigan boʻlibdi.

Shahrizoda ZOKIROVA,

Namangan shahridagi 1-DIUMning 6-sinf oʻquvchisi


Isroil YUSUPOV