Qadim o‘tgan zamonda bir podshoh bo‘lgan ekan. Bir kuni u ulkan kemada ummonga sayohatga chiqibdi. Kema suzib borar ekan ummonda kuchli po‘rtana paydo bo‘libdi va kema urilib-surilib, o‘z boshqaruvini yo‘qotibdi. Uzoq sargardonlikdan keyin podshoh va uning a’yonlari yo‘llaridan adashib, bir quruqlikka kelib qolibdi. U yer juda go‘zal ekan. Uylarning hammasi oltindan bo‘lib, eng qashshoq odamning uyi tarnovlari ham tilladan ekan. Shunda podshoh hayron bo‘libdi. Qanday qilib xalq bu darajada boy bo‘lishi mumkin? U bu mamlakat qiroli bilan uchrashishga ahd qilibdi.
Qirg‘oqqa bir kema kelib to‘xtaganini eshitgan oltin uyli mamlakat qiroli yo‘lovchilar istiqboliga chiqibdi.
Podshoh qirolga o‘z hayratlarini aytibdi. Shunda qirol: “Bizning zamin “An’analar qirolligi’’dir. Bunda barcha insonlar ajdodlardan qolgan ming yillik an’analarni biladilar va ularga rioya qiladilar”, - debdi. Qirol shunday an’analar haqida gapiribdiki, ularning eng oddiysi yurtdoshlarning bir-biriga yordami ekan.
Podshoh bir necha kun qirollikda mehmon bo‘libdi. U saltanatiga qaytgach, o‘z mamlakati an’analarini tiklash uchun g‘ayrat qilibdi.
Abdurahmon HABIBULLAYEV,
Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi “‘Nihol” badiiy ijod va adabiyot to‘garagi a’zosi