Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

UCHAR VELOSIPED

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Shu yaqin zamonlarda, daraxtlari baland o‘rmonda bir quyon oilasi va do‘stlari bilan birga yashar ekan. Uni otasi Quyonboy va onasi Quyon xonim juda-juda yaxshi ko‘rishar ekan. Mitti Qu­yon o‘zi ham odobli ekan. U barchaga muloyim gapirar, daraxt­larning shoxlarini sindirmas va ildizlarini kemirmas ekan. Yo‘lida uchragan muhtojlarga yordam berar ekan.

Kunlardan bir kun mitti quyonning tug‘ilgan kuni bo‘libdi. Quyonboy va Quyonxonim unga velosiped sovg‘a qilishibdi. Endi mitti quyondan  baxtliroq  hech kim yo‘q edi. U velosipedini juda yaxshi ko‘rar edi. Mitti Qu­yon velosipedining changlarini artib, “Mening  uchar velosipedim”, deb erkalab qo‘yar ekan. Uxlashdan oldin “Uchar velosiped “ga ertaklar aytib berar ekan...

Kunlardan bir kuni mitti quyon velosipedini minib, o‘rmonga aylangani chiqibdi. Bobodaraxtlar bilan salomlashib,  yo‘lak bo‘ylab ketayotsa, o‘rtoqlari uchrab qolibdi. Birinchi quyon “Voy-voy, velosipeding buncha eski”, debdi. Ikkinchi quyon “Velosipedmas,   shaldiroq arava-ku?”, debdi. Mitti Quyon juda hafa bo‘lib qolibdi. Ko‘zlari­dan bir tomchi yosh sizib,  velosipedining yuziga tushibdi. Shunda... Birdaniga mitti quyonning velosipedi osmonga  uchib ketibdi. Masxara qilgan o‘rtoqlarining og‘izlari lang ochilib qolibdi. Mitti Quyon ham hayratda qolibdi. U faqat “Qanday bo‘ldi?” deb shivirlar ekan. Velosiped esa xo-xo-laga­nicha “Menga sen shunday kuch berdingki,  sen menga ishonding, meni ruhlantirding. Axir sen meni “Uchar velosipedim” deb atading-ku?”, debdi. Mitti Quyon “Ishonch - muvaffaqiyat kaliti” ekanligini bilib olibdi.

Mitti Quyonning o‘rtoqlari esa, birovning ustidan kulish, uni masxara qilish, kamsitish yomon odat ekanligini tushunib yetishibdi.Ular boshqa bunday qilmaslikka ahd qilishibdi. Shundan so‘ng barcha quyonchalar katta o‘rmon bag‘rida ahil va inoq hayot kechira boshlashibdi.

Mohizar JAMOLDINOVA,

 To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 53-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi


Isroil YUSUPOV