Kunlardan bir kuni tulki to‘qayzorda och yo‘lbarsga duch kelib qolibdi. Yo‘lbars bo‘kiribdi, tulki bo‘lsa qo‘rqqanidan turgan yerida qotib qolibdi.
“Agar uni aldamasam ajalim yetdi, - debdi tulki o‘ziga-o‘zi. - Nima qilish kerak?”
Yo‘lbars hamla qilaman, deb turibdi. Shunda tulki o‘zini qo‘rquvdan emas, kulgidan titrayotgan qilib ko‘rsatib: “Ha-ha-ha!” deb kulibdi.
Yo‘lbars hayron bo‘lib yerga o‘tiribdi-da:
- Nega kulyapsan? - deb so‘rabdi.
- Sen bechoraning holingga kulyapman-da! - deb javob beribdi tulki zo‘rma-zo‘raki kulgancha.
- Nima? - Senga kulyapman, deysanmi? - deb bo‘kiribdi yo‘lbars.
- Albatta, senga kulyapman-da! - debdi tulki. - Sen bechora hozir meni yemoqchi bo‘lyapsan, mening bo‘lsa kulgim kelyapti. Ha-ha-ha! Axir sendan endi hech kim qo‘rqmaydiku! Lekin mendan hamma qo‘rqadi, hatto odamlar ham qo‘rqishadi!
Yo‘lbars o‘ylanib qolibdi: “Balki uning gapi to‘g‘ridir? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, tulkiga tegish xavfli-ku!”
- Ishonmayotganga o‘xshaysan, - debdi tulki. - Yur, bo‘lmasa, agar odamlar mendan qo‘rqishmasa, meni dum-pumim bilan yeb qo‘ya qol.
Yo‘lbars rozi bo‘libdi, so‘ng ikkovlari yo‘lga tushishibdi. Dehqonlar shahardan qaytib kelayotgan yo‘lga yaqin borishibdi.
- Tez-tez yur, orqada qolma! - deb qichqiribdi tulki va o‘zi oldinga tushib yuguribdi.
Yo‘lbars katta-katta qadam tashlab, tulkining orqasidan boraveribdi. Odamlar qarashsa bahaybat yo‘lbars ular tomon kelayotgan emish. Birdan qiy-chuv ko‘tarib qichqirishibdida, bor narsalarini tashlab qocha boshlashibdi.
Shunda baland o‘sgan o‘tlar orasida ko‘rinmay ketgan tulki bo‘ynini cho‘zib yo‘lbarsga qichqiribdi:
- Xo‘sh, ko‘rdingmi? Odamlar dumimning uchini ko‘riboq shunchalik qo‘rqib ketishdi. Senga hech kim qaragani ham yo‘q!
Ahmoq yo‘lbars uyalganidan tumshug‘ini quyi solibdi-da, astoydil hafa bo‘lib, to‘qayzorga qarab ketibdi. Endi tulki uning ustidan rostakamiga kulibdi.
Nodirbek HABIBOV,
Chust tumanidagi 13-maktabning 3-“A” sinf o‘quvchisi