Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

Maktabga chiqqan to‘tiqush

Sentyabr boshlanib, o‘rmondagi barcha hayvonlar, parrandalar va hatto mayda jonivorlargacha maktabga yo‘l olishibdi. Yoz davomida sinfdoshlarini sog‘ingan, sinf partasida o‘tirishni qo‘msaganlarga bu kun alohida quvonch ulashibdi.

Daraxt tepasida hammani kuzatib turgan to‘tiqushgina maktabga qatnashni istamas ekan. Aslida, u endigina 1-sinfga chiqishi kerak bo‘lib, yaqinlariga bu haqida eshitishni istamasligini aytibdi.

Zerikarli maktab va partalarda kechgacha siqilib ketishini bahona qilibdi.

Boshqalar bilim olishga, yangi marralar sari intilishga sho‘ng‘ib ketibdi. O‘rmonda ham avvalgiday shovqin-suron yo‘q ekan. Kunduzi hamma maktabda bo‘lar, kechki payt esa o‘qishdan qaytib, dars tayyorlashar, umuman o‘ynagani ortiqcha vaqtlari qolmabdi. To‘tiqush kun sa­yin zerikardi. Har kuni rang-barang kitoblarni ko‘tarib, uyoqdan-buyoqqa o‘tadigan hayvonlarga havas bilan qarardi.

Kunlarning birida sinf rahbari To‘tiqush xonim o‘z o‘quvchisini izlab kelibdi. Mitti to‘tiqush uyda uxlab yotgan ekan. O‘qituvchisi uning uyg‘onishini kutibdi. Biroz vaqtdan so‘ng ko‘zini ochgan to‘tiqush ustozini tanimabdi. O‘qituvchisi unga mehribonlik va samimiylik bilan o‘zini tanishtiribdi. Maktabga borishini, sinfdoshlari uni ko‘p marta so‘rashganini bildiribdi.

Shu gapdan keyin vaziyat butunlay o‘zgaribdi. Ertalab bizning erinchoq qahramon ham yangi kiyimlarini kiyib, maktabga otlanibdi. Ajoyib! Yorug‘ sinfda maroq bilan darsda qatnashibdi va bu juda yoqibdi. Endi u o‘zining maqsadlarini o‘zgartiribdi, sekin-asta dangasaligini tashlabdi.

Mubina HABIBULLAYEVA,

Davlatobod tumanidagi 58-maktabning 2-sinf  o‘quvchisi


Isroil YUSUPOV