Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

Sirli xazina

Diyora va Shabnam qishloqda yashaydigan eng yaqin dugonalar edi. Ular bir-biridan hech ajralmas, barcha narsani birga qilishardi: darsga tayyorlanish, gullar ekish, hatto qushlarga ozuqa ulashish ularning sevimli mashg‘uloti edi.

Bir kuni Diyoraning hovlisidagi eski omborxonada qiziq bir eshikni topishdi. Eshikning ustida: “Faqat haqiqiy do‘stlikka ochiladi”, deb yozilgan edi. Qizlar hayron bo‘lib, eshik­ni ochishga harakat qilishdi, biroq u qilt etmadi.

– Balki bu eshikni qandaydir sirli yo‘l bilan ochish kerakdir, – dedi Shabnam.

– Ha, lekin qanday? – Diyoraning ko‘zlari qiziquvchanlikdan porlardi.

Keyingi kunlarda ular eshikni ­ochish uchun har xil yo‘llarni sinab ko‘rishdi: qo‘shiq aytishdi, rasm chizishdi, ertaklar o‘qishdi. Ammo hech qanaqa o‘zgarish ro‘y bermadi.

Bir kuni ular gul ekayotgan payt Shabnam dedi:

– Diyora, bilasanmi, eshikni ­ochish shart emas. Muhimi, biz bu vaqtni birga o‘tkazdik.

Diyora jilmaydi:

– Ha, sen haqsan. Dugonalar bir-biriga ko‘maklashganida jamiki narsalar go‘zal bo‘ladi...

Shu onda omborxonada nimadir yaltiradi. Ular yugurib borishdi va ko‘rishdi: eshik o‘z-o‘zidan ochilgan edi! Ichkarida esa kichkina xazina qutisi bor edi. Qutida qisqa yozuv bitilgandi:

“Do‘stlik – eng katta xazina”.

Qizlar kulib qarashdi va shu kundan boshlab bir-birlaridan aslo yordamni, mehr-oqibatni ayamaslikka va’dalashishdi.

 Madinabonu BOZORBOYEVA,

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 61-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi


Isroil YUSUPOV