Abdulaziz Nosirjonov Uychi tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi. 3-sinfdan buyon ingliz tilini o‘rganib keladi. Axborot texnologiyalari, dasturlar, saytlar ustida ishlash, konstruktorlik uning jonu dili.
Astoydil intilishlari natijasida u o‘ziga xos ixtiro yaratib, “O‘zbekiston uchun 100 loyiha” tanloviga taqdim etdi. Hindistonliklar bilan birgalikda ishlangan loyiha Windows operatsion tizimlariga o‘rnatiladigan sun’iy intellekt bo‘lib, u ovozli buyruqlarni o‘rnida bajaradi. Loyihani Microsoft, Word, PowerPoint, Exsel, umuman, kompyuterda mavjud barcha programmalarga kiritish mumkin.
Dastur yordamida mashinaning eshiklarini ochish-yopish, harakatga keltirish, ya’ni o‘t oldirish, yurishdan to‘xtatish, uning oynalarini tushirib-chiqarish, hatto unga o‘zingiz yoqtirgan musiqani buyurtma qilish mumkin.
Aqlli uy dasturi ham xuddi shunday buyruqlar asosida boshqariladi. U orqali uydagi elektr uskunalarini o‘chirish-yoqishni ovozli buyruq berib, amalga oshirish mumkin. Aqlli sovutgich ham aynan shunday dasturlangan.
Umuman, o‘quvchi yaratgan loyihadagi barcha jarayonlar aqlli boshqaruv asosida harakatga keltiriladi.
Yosh ixtirochi hozirning o‘zida besh yuzdan ortiq ovozli buyruqlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lgan dasturni takomillashtirish ustida ish olib bormoqda. Yaqin kunlar ichida u loyiha bo‘yicha o‘zbek tilidagi buyruqlarni bajarish tizimi yaratadi.