Anora Mahkamova – Norin tumanidagi 13-umumta’lim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi. 13 yillik pedagogik faoliyati davomida orttirgan bilim va tajribasini keng ommaga yetkazish maqsadida olti yil avval onlayn ta’lim yoʻnalishida ham faoliyat boshlagan.
Bugungi kunda u ijtimoiy tarmoqlar orqali pedagoglarni attestatsiya imtihonlariga tayyorlab kelmoqda. Uning onlayn ta’lim platformasi 217 ming nafar obunachini birlashtirgan. Shuningdek, respublikadagi 40 nafar tajribali pedagogdan iborat jamoa shakllantirilgan. Jamoa a’zolarining mehnati munosib ragʻbatlantirilib, ularga oyiga 10 million soʻmdan 30 million soʻmgacha ish haqi toʻlanadi.
Loyiha doirasida tashkil etilgan onlayn mashgʻulotlar natijasida bugunga qadar 130 ming nafar pedagog attestatsiya imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan, 40 ming nafari esa milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.
Oliy toifali oʻqituvchi, milliy sertifikat sohibasi va 70 foizlik ustama egasi boʻlgan Anora Mahkamova faoliyatini yangi bosqichga olib chiqib, «Boshlangʻich ta’lim milliy sertifikati» nomli kitobini nashr ettirdi. Mazkur qoʻllanma boshlangʻich ta’lim pedagoglarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
E’tiborlisi, pedagog oʻz bilim va tajribasini zamonaviy ta’lim xizmatiga aylantirish orqali yiliga 100 ming AQSH dollari miqdorida daromad topmoqda.
Mardonbek Esonboyev