Namangan tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Muhammadzohirxon Isaxonov 2024-yilda bedana parvarishlashdan boshlagan faoliyatini bugun 50 ming bosh tovuqni qamrab olgan “Grand tovuq” korxonasi darajasiga olib chiqdi.
Yosh tadbirkor joriy yilda oʻz daromadi hisobidan tashkil etgan korxonada kuniga 46 ming dona tuxum olish imkoniyati mavjud. Korxonaning bir sutkalik sof daromadi 35 million soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, u oltita mahalliy tadbirkor bilan hamkorlik shartnomalarini ham imzolagan.
Har bir parrandaning holati, sogʻligʻi va mahsuldorligi zamonaviy texnologiyalar orqali doimiy monitoring qilinadi.
Avtomatlashtirilgan dasturlar orqali ozuqa va suv berish me’yorlari belgilab beriladi, mikroiqlim barqaror saqlanadi. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, yoʻqotishlarning oldini olish va yuqori natijadorlikka erishishga xizmat qilmoqda.
Majmuada 10 ta doimiy ishchi oʻrni yaratgan Muhammadzohirxon tadbirkorlik bilan birga ta’limda ham yuqori natijalarga erishmoqda. U xalqaro IELTS imtihonidan 7,5 ball, SAT imtihonidan esa 1350 ball toʻplagan.
Yosh tadbirkorning navbatdagi maqsadi – Garvard universitetida tahsil olish, bilim va tajribasini oshirib, kelgusida yirik loyihalarni amalga oshirish.
Chamanoy Isroilova