Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

Yurtni hayratga solgan iste’dodlar

kosonsoylik ikki iqtidorli o‘quvchi qizning jonli ijrodagi qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqlar orqali 500 ming martadan ortiq ko‘rildi

 

Kosonsoylik ikki o‘quvchi qiz Madina Usubjonova hamda Nurzida Isayeva xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Muhabbat” qo‘shig‘ini shunday mahorat bilan jonli ijro qilishdiki, ushbu qo‘shiq ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalib, 500 ming martadan ortiq ko‘rildi.

Ahamiyatlisi, ushbu ijro muxlislar e’tirofi­ni qozonib, minglab san’at ixlosmandlaridan olqishlar, minnatdorchiliklar va tashakkurnomalar keldi.

Qo‘shiqni o‘ziga xos talqinda, ajoyib ijroda taqdim etgan iste’dodlarning biri Madina Kosonsoy tumanidagi 22-umumta’lim mak­tabining 8-sinfida o‘qiydi, Nurzida Isayeva esa, tumandagi 45-sonli maxsus maktab-internat o‘quvchisi.

“Kamalak” yulduzlari”, Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi festival kabi musiqa va san’at yo‘nalishidagi ko‘plab tanlovlarning tuman va viloyat bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotgan yosh talantlar tumandagi 4-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida ustozlari Arslonbek Saxadullayevdan an’anaviy xonandalik sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishmoqda.

Ayni damga qadar yigirma nafardan ortiq mashhur xonandalarning estrada qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etib kelayotgan iqtidor sohibalari kelajakda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olib, mashhur qo‘shiqchi bo‘lishni maqsad qilishgan.


Isroil YUSUPOV