Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

Sehrli tabassum

Qadim zamondami yoki yaqin davrdami dunyoning so‘lim bir go‘shasida Serquyosh nomli qirollik bo‘lgan ekan. Shu qirollikning chekka qishlog‘ida Elnura ismli qizcha yasharkan. Uning oilasi ancha katta bo‘lib, ota-onasi, buvisi va ikki akasi bilan umrguzaronlik qilarkan. Elnura ham maktabning 5-sinfida tahsil olarkan. U qo‘shiq kuylar, raqsga tushar, hikoya­lar yozar, tengdoshlaridan gapga chechanligi  bilan ham ajralib turarkan. Qizaloq juda xayolparast ekanki, u o‘zi­ning shaxsiy samolyoti bo‘lishini, shu samolyotida eng yaqin kishilarini dunyo bo‘ylab sayohatga olib borishni orzu qilarkan. Uning o‘zi yaxshi ko‘rgan oilasi, do‘st-dugonalaridan tashqari, yana bir yaqin do‘sti, sirdoshi va uni doim qo‘llab-quvvatlovchi  inson – Barkamol amaki bor ekan.

Kunlarning birida ularning oilasiga yovuzlik kirib kelibdi. Avval Elnuraning o‘qishlari pasa­yib boribdi, keyinchalik ota-onasi janjallashib qoli­shibdi. Bir necha kun shu tarzda davom etibdi. Elnuraning nazarida shu kunlar ichida quyosh bir martayam porlamabdi, osmonni qop-qora bulutlar qoplabdi. Butun olam mana shu zulmat pardasi ichida qolibdi. Lekni negadir bu zulmatni Elnuradan boshqa kishilar payqashmas va unga qarshi kurashishni o‘ylashmas ekan. Bir kuni u Barkamolning oldiga borib, butun olam zulmatdan iborat ekanligini aytibdi. Amakidan yordam so‘rabdi.

- Nima qilsam, uyimizda quyosh porlaydi? – deya iltijo qilibdi qizaloq.

Barkamol amaki bir oz o‘ylanib qolib, unga shunday javob qaytaribdi:

- Bu zulmatni osmondagi quyosh emas, aksincha, sehrli tabassum chechagi yo‘qota oladi.

- O‘sha sehrli tabassum chechagini qayerdan topsam bo‘ladi? U qayerda o‘sadi? Juda uzoqda emasmi?

- Yo‘q, uzoqda emas, u sening ko‘ksingda o‘sadi. O‘sha chechakdan esa xushbo‘y hid emas, alan­ga taraladi. Elnura hammasini tushunibdi. U endi shunchaki o‘zini aldash uchungina emas, balki qalbidagi mehr-muhabbatni izhor etish uchun tabassum qilibdi.  Chindan ham bu sehrli tabassum ota-onasining yuz-ko‘zidagi noxushlik pardalarini nari suribdi. Yana hamma avvalgiday shod-xurram yashay boshlabdi.

 

Zebuniso ABDULLAJONOVA,

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-DIUMning 9-sinf o‘quvchisi


Isroil YUSUPOV