Bolalar bizning kelajagimiz

Bolalar bilan olam yorqin

“Orlyonok”ning Oʻzbekistondagi muxbiri

Abdulloh Abdumoʻminov Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 102-IDUMning 7-sinf o’quvchisi. Jurnalistikaga qiziqishi baland. Ana shu qiziqish natijasida u hattoki Rossiyaning “Orlyonok” jurnali bilan ijodiy hamkorlik oʻrna­tib, ushbu jurnalning Oʻzbekistondagi muxbiri boʻlib faoliyat yuritmoqda.

“Bolalar dunyosi”ning ham doimiy muxlisi boʻlgan Abdulloh quyida oʻz qiziqishlari va bugungi odimlari bilan oʻrtoqlashadi

Badiiy ijod, publisistika jonu dilim. Jurnalistikaga juda ham qiziqaman va kelajakda shu kasbni egallashga ahd qilganman. Maqsadim yoʻlida bugundanoq mustahkam tamal toshi qoʻyyapman.

Bir lahza boʻlsin ijoddan toʻxtamayman. Shu kungacha  “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “Yoshlar ovozi”, Qozogʻistonning “Ak Jelen”, “Ulan”, Qirg’izistonning “Kun jele”, Rossiyaning “Орлёнок”, “Непоседa”, “Бералла” kabi 50 ga yaqin gazeta va jurnallarda turli mavzularda maqolalarim, shuningdek, hikoya va ertaklarim chop etildi.

Qator tanlovlarda, xususan, Qozogʻistondagi “Jahon iste’dodlari” uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovlarda faol qatnashib, diplomlar sohibi boʻdim.

Rossiyaning “Орлёнок” jurnali bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa oʻrnatganman. Jurnalning elektron manziliga rus tilida ilk hikoyamni yuborgan edim. Ularga ma’qul keldi shekilli jurnalda chop etishdi. Shundan buyon jurnal ijodkorlari hamda bosh muhariri bilan muloqot qilib kelaman. Ular meni “Orlyonok”ning Oʻzbekis­ton boʻyicha muxbiri etib tayinlashdi. Jurnalga hamyutrtlarimiz boʻlgan tengdoshlarim – oʻzbekistonlik oʻquv­chilarning she’r va hikoyalarini, ijod namunalarini yuborib turaman.

Koʻproq maqola va hikoyalar yozaman. Ularda yoshlar va bolalar hayoti, tengdoshlarimning qiziqish va intilishlari haqida soʻz yuritaman. Jahon adabiyotidan tarjimalar ham qilib turaman. Yozganlarim hamda kichik hikoyalar, badiiy asarlar, she’rlardan iborat tarjimalarim oʻquvchilarga manzur boʻlmoqda.

Maqsadim media sohasida astoydil faoliyat yutitib, xalqaro miqyosda e’torof qozonish. Hali oldinda amalga oshiradigan ishlarim juda koʻp. Yurtimiz adabiyoti va media sohasi riyojiga hissa qoʻshib, tengdoshlarim ijodini xalqaro nashrlarga olib chiqsam deyman.

                                                                                                                                                                                                                                      Abdulloh ABDUMOʻMINOV,

                                                                                                                                                     Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 102-IDUMning 7-sinf oʻquvchisi


Isroil YUSUPOV